Andijon davlat universitetida talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mavjud muammolarni joyida hal etish, shuningdek, bo‘sh vaqtlarini mazmunli va tizimli tashkil etish maqsadida kafedra kunlari talabalar turar joylarida muntazam ravishda o‘tkazilmoqda.
Bugun, 13-oktyabr kuni Andijon davlat universitetining 2-sonli talabalar turar joyida kafedra kunlari doirasida talabalarning ta’lim jarayonidagi faolligini oshirish, ularni ilm-fan va innovatsion faoliyatga keng jalb etish hamda ustoz va yoshlar o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Professor va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
Uchrashuvda Ekologiya va barqaror rivojlanish kafedrasi professori Tolibjon Madumarov Kimyo va biologiya fakulteti talabalari bilan uchrashib, ular bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Muloqot davomida professor mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, talabalarning ta’lim jarayoni, yashash sharoitlari va tashabbuslari haqida atroflicha fikr almashdi.
Shuningdek, professor Tolibjon Madumarov zamonaviy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishning ustuvor ahamiyatini ta’kidlab, barcha yoshlarni ilmga intilish, bilim orqali yuksak maqsadlarga erishishga chorlab, bu borada o‘zining hayotiy tajribasiga asoslangan foydali tavsiyalarni berdi.