Bugun, 25-sentyabr kuni telegram ijtimoiy tarmog‘ida berilgan murojaatga munosabat:
Andijon davlat universiteti ushbu masala yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
Z.M.Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tegishli Farmon va qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining qaror va buyruqlariga muvofiq amalga oshirib kelmoqda.
Bugungi kunda Andijon davlat universitetini nafaqat mamlakatimizning, balki xalqaro miqyosda yetakchi va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylantirish, uning ilmiy salohiyati hamda obro‘-e’tiborini yuksaltirish yo‘lida universitet rahbariyati va jamoasi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan,
Nufuzli xalqaro reytinglariga kirish bo‘yicha tashkil qilingan tizimli ishlar natijasida universitet 2024-yilda “QS Asia University Rankings” reytingida Osiyo bo‘yicha 801-850, Markaziy Osiyoda 55 o‘rinda e’tirof etildi. Hozirda “Times Hihger Education (THE)” hamda “UI GreenMetric World University Rankings” reytinglariga kirish bo‘yicha ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda universitetning 11 ta ta’lim yo‘nalishlari Germaniyaning ACQUIN nufuzli xalqaro akkreditatsiya tashkiloti tomonidan xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda. Joriy yilning sentyabr oyida ACQUIN tashkiloti mas’ullari universitetga tashrif buyurdi va universitetda olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Ilmiy faoliyat olib borish uchun yaratilgan sharoitlar natijasida ilmiy salohiyat yildan-yilga o‘sib bormoqda. Ilmiy salohiyat 2022-yilda 28,2 % ni, 2023-yilda 34,1 % ni, 2024-yilda 38,8 % ni, joriy yilda esa 40,4 % ni tashkil qilmoqda.
Dissertatsiya ishlari himoyalari bo‘yicha ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. 2022-yilda 7 ta fan doktorlik (DSc), 32 ta falsafa doktorlik (PhD), 2023-yilda 6 ta fan doktorlik (DSc), 37 ta falsafa doktorlik (PhD), 2024-yilda 4 ta fan doktorlik (DSc), 44 ta falsafa doktorlik (PhD), 2025-yili hozirga qadar qadar 5 ta fan doktorlik (DSc), 35 ta falsafa doktorlik (PhD) ishlari muvaffaqiyatli himoya qilindi.
Universitetda professor-o‘qituvchilarni pedagogik va ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Scopus va Web of Science bazalarida indekslangan jurnallarda chop etilgan maqolalar uchun universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan pul mukofotlari joriy etilgan. Bunga ko‘ra 2022-yilda 42 ta, 2023-yilda 61 ta, 2024-yilda 89 ta, 2025-yil sentyabr oyi holatiga 95 nafar pedagog-o‘qituvchilar moddiy rag‘batlantirildi.
2024-2025-oʻquv yilidan boshlab pedagog-o‘qituvchilarni rag‘batlantirish maqsadida oylik maoshlariga qo‘shimcha ustama haq belgilash (KPI bo‘yicha) tizimi joriy etildi. Bungacha pedagog-o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq berilmagan.
Pedagog-o‘qituvchilari tarkibi mehnatini normalashtirish “Oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilar tarkibining o‘quv yuklamasi hamda o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot va “ustoz-shogird” ishlarini belgilash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi (Adliya vazirligi tomonidan 2018 yil 8 oktyabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, ro‘yxat raqami 3076) buyrug‘iga muvofiq amalga oshirilgan.
2024 yil sentyabridan buyon 20 nafardan ziyod xorijlik professor-o‘qituvchilar universitetda dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun jalb qilindi.
Talabalarda nazariya bilan amaliyotni uyg‘unlashtirish hamda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish maqsadida 2025/2026 o‘quv yilida jami 2645 nafar 3-4-bosqich talabalari dual ta’lim shaklida tahsil olishlari yuzasidan viloyatdagi 162 ta yirik ishlab chiqarish korxonalari, tashkilot va ta’lim muassasalariga biriktirildi.
Turli tanlov, musobaqa va olimpiadalarda munosib ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarga ega talabalarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Xalqaro hamkorlik mahsuli sifatida akademik almashinuv doirasida talabalarimiz xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalarida, xususan, joriy yil QS reytingida 801-850 o‘rinda turuvchi Malayziyaning Terengganu (UMT) universitetida 10 nafar talabamiz bir oy o‘qib kelishdi. 2025-yil sentyabr oyida mazkur universitetning 9 nafar talabasi (akademik mobillik bo‘yicha) va 2 nafar professori (universitet talabalariga dars o‘tish uchun) universitetga tashrif buyurishdi.
O‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan universitet bitiruvchi talabalari uchun “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida «O‘zmilliybank» AJ tomonidan 49 nafar talabasiga 1 mlrd 997 mln so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.
2025-yilda “Birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumi” Andijon davlat universitetida tashkil etildi va o‘tkazildi. Mazkur tadbirni tashkil etilishi va o‘tkazilishi mahalliy va xorijiy mas’ullar tomonidan yuqori baholandi.
2025 yilda zamonaviy yangi 1800 o‘rinli o‘quv binosi foydalanishga topshirildi. Bir yil ichida o‘quv auditoriyalari uchun 150 dona zamonaviy oxirgi avlod kompyuterlar sotib olindi. O‘quv hamda talabalar turar joylari binolari ta’mirlandi. Universitet faollar zali o‘rindiqlari va ichki qismi to‘liq yangilandi. Universitet hududi obodonlashtirildi, hozirda ichki yo‘llarida asfaltlash ishlari amalga oshirilmoqda. O‘quv binolarini isitish tizimi uchun tejamkor va samarali qozonxonalar olindi.