Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarlik profilaktikasi xizmati bo‘lim boshlig‘i D.Z. Xudoyberganova boshchiligidagi ishchi guruh xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar hamda salbiy holatlarning oldini olish maqsadida xizmat safari bilan Andijon viloyatida bo‘lib turibdi.
Joriy yilning 24-sentyabr kuni Andijon davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida “Xotin-qizlar va voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik sabablari va ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzusida talaba-qizlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir avvalida ishtirokchilarga mavzuga oid tayyorlangan ijtimoiy videorolik namoyish etildi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi JXD HPX bo‘lim boshlig‘i D.Z. Xudoyberganova tomonidan xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar va yoshlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklar hamda jinoyatlarning oldini olish yo‘llari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari N. Mo‘minova tomonidan ishtirokchilarga Tazyiq va zo‘ravonlik tushunchasi, uning turlari, ko‘rinishlari hamda ularning ijtimoiy-psixologik oqibatlari haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilarning mavzuga oid taklif va tashabbuslari tinglandi hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari va maktablarga psixologiya yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni biriktirish, tuman markazlarida psixologik markazlar tashkil etish kabi dolzarb va amaliy tashabbuslar ilgari surildi.