Andijon davlat universitetida xalqaro hamkorlik yo‘nalishida tizimli va keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda universitet xorijiy oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirib, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish va talabalar hamda professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida samarali tashabbuslarni hayotga tatbiq etmoqda.
Bugun, 17-sentyabr kuni Germaniyaning “Wasl Connect” kompaniyasi asoschisi Arne Wasl o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va istiqboldagi hamkorlik imkoniyatlarini muhokama etish maqsadida xizmat safari bilan Andijon davlat universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari universitet rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev qabulida bo‘lib, talabalarning Germaniya kompaniyalarida amaliyot o‘tashlari, bitiruvchilarning ushbu mamlakatda ishga joylashishlariga ko‘maklashish, shuningdek, “Work & Travel” dasturi doirasida o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida Germaniyada ishlashlari uchun sharoit yaratish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida talabalarning Germaniyada amaliyot o‘tashlari va ishlashlari, bitiruvchilarning esa ishga joylashishlariga ko‘maklashishni nazarda tutuvchi uch tomonlama hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Mazkur hamkorlik tashabbusi kelgusida Andijon davlat universiteti talabalari va bitiruvchilari uchun xorijiy tajriba orttirish, xalqaro mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish hamda universitetning xalqaro aloqalarini yanada mustahkamlashga keng yo‘l ochadi.