Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi
Andijon davlat universiteti
uz
Ta'lim sohasidagi ustuvor vazifalar belgilandi
    114

Kecha mamlakatimizda ta’lim sohasi islohotlari samaradorligini oshirish va kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi yillarda yurtimizda bog‘cha va maktablar qurilishi, zamonaviy o‘quv dasturlarining joriy etilishi hamda ta’lim sifatini oshirish yo‘nalishida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, pedagoglar mehnatini rag‘batlantirish maqsadida o‘qituvchilarning oylik maoshiga 10 dan ortiq ustama turlari joriy qilindi. Bu esa o‘z ustida muntazam ishlaydigan, malakali va zamonaviy ko‘nikmalarga ega ustozlar uchun 10–12 million so‘mlik maosh olish imkoniyatini yaratdi. Yangi baholash tizimida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan 300 ta maktab jamoasiga 40 foizgacha qo‘shimcha ustama belgilangani ham buning yorqin namunasidir. Shuningdek, maktab direktorlari, bog‘cha mudiralari va ularning o‘rinbosarlari oylik maoshlari ham sezilarli darajada oshib, 10 million so‘mdan yuqoriga yetdi.

O‘quvchi-yoshlarimiz yutuqlari ham tobora ortib bormoqda. Joriy yil boshidan xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz o‘quvchilari 195 ta medalga sazovor bo‘ldilar. Shu bilan birga, xorijiy til sertifikatiga ega bo‘lgan o‘quvchilar soni bir yil ichida 2,5 barobarga ko‘paydi.

Yig‘ilishda kadrlar tayyorlash tizimida ham yangi qadamlar belgilandi. Xususan, yangi o‘quv yilidan boshlab o‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun «5 kun ishlab, 1 kun o‘qiydigan» bakalavr ta’lim shakli yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa har yili maktabgacha ta’lim muassasalariga qariyb 10 ming oliy ma’lumotli mutaxassis kirib kelishiga zamin yaratadi.

Maktab ta’limida iqtidorli yoshlar uchun ham alohida sharoitlar yaratiladi. Kelgusi yildan viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislikka yo‘naltirilgan Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar bo‘yicha Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi. Ular tegishli texnika oliy o‘quv yurtlari bilan integratsiya qilinadi. Natijada, yuqori ko‘rsatkichga erishgan bitiruvchilar mazkur oliygohlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri 2-kursiga qabul qilinadi.

Yoshlarning har tomonlama kamol topishi, ularning qobiliyatini yuzaga chiqarish masalalari ham yig‘ilishda alohida muhokama etildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan yosh toifalari bo‘yicha milliy tarbiya modeli yaratilishi belgilandi. Unga ko‘ra, bolalar zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega, shu bilan birga milliy qadriyatlarga sodiq shaxs sifatida tarbiyalanishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, maktabdan tashqari ta’lim va sport sohasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni turli yo‘nalishlarda to‘garaklarga jalb qilish maqsadida Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, joylardagi 219 ta “Barkamol avlod” maktabi, “Yoshlik” sport jamiyati, O‘quvchi yoshlar markazi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti negizida Respublika, hudud va tuman miqyosida yangi “Kelajak” markazlari tashkil etiladi.

Mazkur markazlar orqali o‘quvchi-yoshlar muhandislik, ilm-fan, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport va ekologiya yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklarga jalb qilinib, ularning har tomonlama rivojlanishiga zamin yaratiladi.

Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish dolzarb vazifa ekanini ta’kidlab, mutasaddilar hamda pedagoglar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Shu asosda tegishli rahbarlarga aniq ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.


Manzilimiz
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@adu.uz, anddu@exat.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar
Biz ijtimoiy tarmoqlarda
© Andijon davlat universiteti, 2004-2025. Barcha huquqlar himoyalangan.