0(374)223 88 14
     
      A   A   A   A   A   RASMSIZ  

OLTIN MEDALLAR “OLTIN DAVR”GA CHORLAYDI

06 Avgust 2018 yil, Dushanba
Ko'rilgan: 290

Yozning haroratli kunlari Andijon davlat universitetining so‘lim hududida bir guruh shodon yoshlarni uchratdik. “Talabalarning yozgi ta’til kunlarida universitetdagi bu yoshlar kim ekan?”, - deya biroz hayron bo‘ldik. Samimiy suhbatimiz davomida bildik: bu yoshlar xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlari va musobaqalari g‘oliblari, Davlat mukofoti sohiblari, universitetimizga imtiyozli qabul qilingan Andijon davlat universitetining 2018/2019-o‘quv yilidagi 1-kurs talabalari ekan. Ularning iqtidorlari, iste’dodlari natijasida qo’lga kiritgan oltin medallari talabalik – “oltin davr”ga yo’l ochib berdi. Talaba bo‘lganliklaridan cheksiz quvonib turgan bu yoshlarning dillaridan nelar kechayotganini bilish maqsadida ularning ayrimlaridan intervyu oldik.

 

O‘g‘iloy TO‘YCHIYEVA – “Okno v Yevropu” xalqaro tanlovi g‘olibi, ADU pedagogika fakulteti 1-kurs talabasi: Men Asaka tumanidanman. Bolaligimdan turli qo‘shiqlarni xirgoyi qilib yurganim uchun ota-onam tumanimizdagi 11-son bolalar musiqa va san’at maktabiga berishgan. Maktabda Kenjaxon opa Abdullayevadan dutor chertishni o‘rgandim.

2015-yili Andijon san’at kollejining “An’anaviy cholg‘ular ijrochiligi” yo‘nalishiga qabul qilindim. Kollejda Saodat Saydullayeva, Saidakmal No‘monov, Nozigul Qosimovalardan san’at sirlarini o‘rganishni davom ettirdim, turli ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etdim. Jumladan, 2017-yil “Sozlar navosi” xalq cholg‘ulari ijrochilarining respublika tanlovida qatnashdim. Bundan tashqari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Yoshlar qalbida Temur” deb nomlangan tanlovida, “Shashka qirolichasi” sport musobaqasida g‘oliblar qatoridan joy oldim. Zulfiya nomidagi hamda “Nihol” Davlat mukofotlariga saralash tanlovlarida qatnashib tuman va viloyat bosqichlarida sovrindor bo’ldim.

Meni quvontirgani, bu yil Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan “Okno v Yevropu” xalqaro tanlovi g‘olibi bo‘ldim va ADUda imtiyozli o‘qish imkoniga ega bo‘ldim.

Men biz yoshlarga ko‘rsa-tilayotgan g‘amxo‘rliklarga ja-voban yetuk san’atkor bo‘lib xalqimizga sidqidildan xizmat qilaman.

 

Zufarbek ABDULAZIZOV – suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, ADU pedagogika fakulteti 1-kurs talabasi: Men Andijon olimpiya zaxiralari sport kollejida taqsil oldim. Kollejimizda biz yoshlarni har tomonlama barkamol voyaga etishimiz uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ustozlarimiz biz yoshlarga sport sirlaridan saboq berish bilan birga xalqimizning mard, jasur o‘g‘lonlari – buyuk ajdodlarimiz haqida so‘zlab berishadi.

Biz mamlakatimizda yosh-lar qaratilgan e’tibor, g‘am-xo‘rliklardan juda mamnun-miz. Mana shu e’tibor va g‘amxo‘rliklarga javoban o‘zbek yigit-qizlari, jumladan, sportchi yoshlar erishayotgan yutuqlar barchamizni quvontiradi. Har bir g‘alabamiz Vatanimiz shoniga shon qo‘shayotganidan quvonamiz.

Men musobaqada g‘alaba qozonganimda xur-sandchilikdan ustozlarimning, do‘stlarimning ishonchini oqlaganim uchun ko‘zimga quvonch yoshlari keladi. Musobaqalarda g‘alaba qozonishimda murabbiyim Oybek Ismoilovning qo‘llab-quvatlashlarini xis qilib turaman. Har bir musobaqaga onamning quvvatlashi bilan chiqaman.

Joriy yil iyun oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston ochiq chempionatida g‘alaba qozondim. Bu g‘alabam menga oliy o‘quv yurtiga imtiyozli kirish huquqini berdi. Men bunda juda xursand bo‘ldim. Niyatim - universitetda yaxshi o‘qib, malakali mutaxassis bo‘lib yurtimiz obodligiga munosib xissa qo‘shish. Eng katta orzuyim Olimpiyada chempioni bo‘lish.

 Temurbek AHMEDOV – ot sporti bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, ADU jismoniy madaniyat fakulteti 1-kurs talabasi: Oilamizdagi bar-chaning otga mehri baland. Dadam - Ravshanbek Ahmedov, akam - Boburjon Ahmedov ot sporti bo‘yicha xalqaro musobaqalarning g‘oliblari. Shuning uchun ham men 6 yoshimdan ot sporti bilan shug‘ullanib kelaman.

Hozirda “Tayson” laqabli otim bor. Otimni o‘zim parvarishlayman, musoba-qalarga tayyorlayman. Us-tozlarim Doniyorbek Ilyo-sov, O‘ktamjon Hoshimov, Soyib akamlar: “Ot sporti bilan shug‘ullanadigan inson otga mehr qo‘yishi kerak, shundagina g‘alabaga erishadi”, - deyishadi. Shuning uchun ham otimga mehr bilan qarayman, ko‘p mashq qilib charchatib qo‘ysam, otimga rahmim kelib ketadi. Ot ham har bir harakatingizni tushunadi.

Sportning uchkurash turi bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatida ish-tirok etdim, sport ustasi bo‘ldim. Bu yutuqlarim bilan ADUning jismoniy madaniyat fakulteti talabasi bo‘ldim.

Men universitetni muvaf-faqiyatli tamomlab ot sporti bo‘yicha viloyatimiz jamaosi safida Vatanimizning – Andi-jonimizning sharafini munosib himoya qilaman.

 Gulnigor TOHIROVA – “Misr bolalar nigohida” xalqaro tanlovi g‘olibi, ADU pedagogika fakulteti 1-kurs talabasi:

Bolaligimda turli rasmlar chizib yurganligim sababli buvim 2010-yilda Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatiga olib borgan.

Maktab-internatimizda Nozimjon Yo‘ldoshev, Gulsora Ergasheva, Akramjon Ma-dumarov, Nodiraxon Abdu-rahmonova kabi ustozlarimiz bizni erkin ijod qilishga o‘rgatishgan.

Maktab-internatni tamom-laganimdan so‘ng Andijon san’at kollejida tahsil oldim. Kollejdagi ustozlarim Abduvohid Axranov, Azizbek Jabborovlar ko‘magida turli ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etdik. “Yangi avlod”, “Barkamol avlod” ijod festivallari iqtidorimizni namoyon etish uchun keng imkoniyat berdi.

Men Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilgan festivallarida, Koreya festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etganman. Tinchlik, baxtli bolalik, musaffo osmon tasvirlangan rasmim “Misr bolalar nigohida” xalqaro tanlovida g‘olib bo‘ldi va men ADUga imtiyozli – test sinovlarisiz qabul qilindim.

Men kelajakda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi bo‘lmoqchiman.

Odiljon KARIMOV,

"Andijon yoshlari" muxbiri

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2018. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!