0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

UMRIMDA BIRINCHI MARTA… O'ZBEK BO'LGANIMGA UYALDIM…

09 Yanvar 2018 yil, Seshanba
Ko'rilgan: 597

Mualifi: O‘tkir HOSHIMOV
O‘zbekiston Xalq yozuvchisi

To‘ychiboy to‘y qiladigan bo‘ldi: sunnat to‘y…

“Sabzi to‘g‘rar”ga kelgan mahalla oqsoqollari “yuz kilo guruch damlash shartmi, o‘zingizni qiynamay qo‘ya qoling”, degan edi, astoydil xafa bo‘ldi:

– Nima, men odammasmanmi? O‘zimga yarasha orzu-havasim bor, ulfatlarim bor… Men ham yurtning oshini yeganman…

…Shunday bo‘ldi… Yuz kilo emas, yuz yigirma kilo osh damlandi…

Tong otmasdan hofizlar xonish qildi… Guras-guras odamlar keldi…

To‘ychiboy “yuz yigirma kilo oshning tagida bir kapgir qolmaganini” gapirib yurdi…

…Ikki haftalardan keyin uyida qiy-chuv bo‘lib qoldi. O‘zi baqirgan, xotini dodlagan…

Harqalay, qo‘shni… Chiqdim.

Qarasam, To‘ychiboy tok so‘ri tagida turibdi. Ko‘zlari bejo. Nuqul bir gapni takrorlaydi: “O‘zimni o‘ldirsam, qutulamanmi? O‘lib ketsam, qutulamanmi sanlardan?!”

Yanga nariroqda shumshayib turibdi.

– To‘y qilaman deb bo‘g‘zimgacha qarzga botdim! – dedi qo‘shnim chinqirib. – Meni xonavayron qilmoqchimisan?! O‘zimni o‘ldirib qo‘ya qolay!..

Yanga meni ko‘rib bir qadar taskin topdi, shekilli, erini yupatdi:

– Qo‘ying, dadasi, o‘zingizni bosing… – Keyin ayvonga qarab musht do‘laytirdi: – San qiz o‘lgurga qachon aql kiradi-a?! Man buni nonga chiqarsam, kitob obkebdi!.. Hah, o‘sha sanga kitob o‘qishni buyurgan o‘qituvchingning uyiga o‘t tushsin! Sakkiz yuz so‘mgayam kitob oladimi, juvonmarg?! Kitob sanga osh bilan non bo‘larmidi, yer yutgur!

…Qo‘shnimning yettinchimi, sakkizinchimi sinfda o‘qiydigan qiziga endi ko‘zim tushdi. Qizaloq ayvon ustuniga suyanib turar, kafti bilan yuzini to‘sgancha unsiz, o‘kinib-o‘kinib yig‘lar edi…

Indamay chiqib ketdim.

…Rostini aytsam, umrimda birinchi marta… o‘zbek bo‘lganimga uyaldim…

Manbaa:  http://fayzbog.uz

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2018. Barcha huquqlar himoyalangan.   
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!