0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI REKTORINING XOTIN-QIZLARGA BAYRAM TABRIGI

06 Mart 2019 yil, Chorshanba
Ko'rilgan: 107

Muallifi: A.Yuldashev
Andijon davlat universiteti rektori

Assalomu aleykum, qadrli opa-singillar, hamkasblarim!

Bahor kelib, tabiat uyg‘onib, tobora chiroy ochayotgan mana shu shukuhli kunlarda siz, azizlarni, sizlar orqali butun ayollarimizni 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman! sizlarga eng ezgu tilaklarimni bildirishdan baxtiyorman.

Biz hayotimiz ma’no-mazmuni va go‘zalligini birinchi navbatda barchamizni dunyoga keltirgan, oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan muqaddas Ona siymosida, ayol timsolida ko‘ramiz, zotan, ayol Yaratganning tengsiz mo‘’jizasidir.

Haqiqatan ham, ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoiyligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. U muhabbat va vafo ramzi. Xofiz Sheroziyning quyidagi bayti ham butun ayollarga qarata aytilganiga shubxa yo‘q:

Agar ko‘nglumni shod etsa o‘shal Sheroz jononi

Qaro holiga baxsh etgum Samarqand-u Buxoroni

Ayol o‘zining qalb saxovati, mehribonligi bilan har qaysi oilani oila qiladigan, unga fayzu tarovat beradigan, farzandlarimiz yuragiga o‘z ona yurtiga muxabbat va sadoqat tuyg‘ularini jo etadigan ayollarimizning betakror fazilatlari haqida har qancha gapirsak, ularni har qancha e’zozlasak, arziydi, desam, o‘ylaymanki, bugun barchaning, ayniqsa, biz erkaklarning ko‘nglidagi fikrlarni ifoda etgan bo‘laman. Zero, Ayol millat tarbiyachisi, uning qalbidir.

Xususan, buyuk ajdodlarimiz al-Xorazmiy, al-Farobiy, ibn Sino, al-Farg‘oniy, al-Beruniy, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Amir Temur, Ulug‘bek, Boburlarning yetishishida onaning, oddiygina Ayolning xizmatlari beqiyos. 

Qadrli ustozlar, opa-singillar!

Barchamizga ayonki, dunyoda davlat va jamiyatning madaniy darajasini ko‘rsatadigan mezonlar ko‘p. Lekin, har qaysi millat va xalqning ma’naviy darajasini aks ettiradigan shunday bir mezon borki, u ham bo‘lsa, jamiyatning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati, hurmati bilan belgilanadi.

Shu ma’noda, ayollarni ulug‘lab, boshiga ko‘tarib yashaydigan xalq o‘zining yuksak madaniyati va olijanob qadriyatlarini amalda namoyon qiladigan va tasdiqlaydigan xalq sifatida obro‘-e’tibor qozonishi bor gap.

Ayni vaqtda davlat idoralari boshqaruvida va ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda – ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat kabi turli jabhalarda opa-singillarimizning ibrat ko‘rsatib, samarali mehnat qilayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etamiz. Shu o‘rinda aytish kerakki, universitetimizni ravnaq toptirish, oldimizda turgan mamlakatimizni barqaror taraqqiyotini ta’minlay oladigan yuksak malakali kadrlar tayyorlashdek ezgu maqsadlarga erishish yo‘lida butun jamoamiz qatori xotin-qizlarimizning beqiyos hissasi borligini biz hamisha minnatdorlik bilan ta’kidlaymiz.

Shu borada birgina misol – universitetimizda mehnat qilayotgan professor-o‘qituvchilar va ishchi xodimlarning 50 foizga yaqinini, ilmiy darajali professor-o‘qituvchilarning 25 foizga yaqinini aynan xotin-qizlar tashkil etayotganining o‘zi ko‘p narsani anglatadi, deb o‘ylayman.

Aziz opa-singillarim, qadrdonlarim!

Ayni shu damlarda qalbimda, yuragimda sizlarga doimo saqlanib kelayotgan chuqur hurmatimni izhor etib, bir fikrni bildirmoqchiman.

Siz ayollarga mansub go‘zal fazilatlar, hayotimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, hamjihatlik va ahillik kabi insoniy tuyg‘ularni yanada yuksaltirish, farzandlarimizni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash yo‘lidagi ezgu intilishlaringiz, beqiyos xizmatlaringiz uchun butun jamoamiz nomidan barchangizga ta’zim qilishni o‘zimning sharafli burchim, deb bilaman.

Yana va yana bir bor sizlarni bahor va nafosat ayyomi bo‘lmish 8 mart bayrami bilan samimiy tabriklayman.

So‘zimni taniqli shoira Zulfiya Mo‘minovaning quyidagi to‘rtligi bilan yakunlamoqchiman:

Ayolga baxt bering, saodat bering

Demang yuribdiku kulib, jilmayib

Ayol kulib turib o‘lishi mumkin

Dunyoni olishi mumkin jilmayib

 

 

 

 

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2019. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!