0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

 NAVOIY ABADIYATI

08 Fevral 2019 yil, Juma
Ko'rilgan: 890

Muallifi: K.B.Shahobov
Filologiya fakulteti yoshlar bilan ishlash bo'yicha dekan o'rinbosari

Navoiy barcha davrlarda o’z ijodi bilan qalblarda abadiy yashaydi. Uning shaxsiyati, ijodi, faoliyati inson qalbiga qaratilgan, qalbni madh etadi, ilohiy ishqni tarannum etadi. Shu bois u doimo qalblarning to’rida, avlodlar tilida, ongu shuurida takrorlanadi, umrboqiy hayotini yashaydi. U o’zi “Lison ut-tayr”da tasvirlagan haqiqatga, Haqqa erishish yo’lida hayot kechirdi, ijod qildi va avlodlarning yo’lini mash’ala kabi yoritdi. Uning asarlarini qayta-qayta o’qimoq, anglamoq ma’rifat va haqiqatga yetaklaydi.

 Bugun Andijon davlat universitetida ulug‘ mutafakkir olim, buyuk bobokalonimiz Hazrat Mir Nizomiddin Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligi munosabati bilan “Navoiy abadiyati” mavzusida katta adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.

Kechani universitet rektori, professor A.S.Yuldashev ochib berdi. A.S.Yuldashev o‘z so‘zida Hazrat Alisher Navoiyning o‘lmas merosi, shaxsiyati, ilmiy-adabiy asarlari, abadiyat mulkiga aylangan asarlarining bugungi davrimiz uchun ham nechog‘li ahamiyatli va dolzarbligini ta’kidladi.  

Shundan so‘ng, o‘zbek adabiyotshunosligi kafedrasi katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Zokirjon Mamajonov tomonidan tayyorlangan Alisher Navoiy hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi. Ushbu videorolik Alisher Navoiy shaxsiyati va ilmiy-ijodiy merosi haqidagi mukammal tafsilotlarni qamrab olganligi bilan kecha qatnashchilarida ulkan taassurot qoldirdi.

Alisher Navoiy shaxsiyati va ilmiy-adabiy merosi to‘g‘risida filologiya fanlari nomzodi, dotsent, shoir Halim Karim o‘z ma’ruzasi bilan anjuman qatnashchilarga yangicha fakt va ma’lumotlarni taqdim etdi.

Adabiy-badiiy kechada musiqa va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi o‘qituvchilari hamda talabalari ijrosida Alisher Navoiy g‘azallari bilan aytiladigan qo‘shiqlar kechaga o‘zgacha tarovat baxsh etdi. Qolaversa, filologiya fakulteti talabalari ijrosidagi g‘azal, ruboiylar, baytu barak hamda sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Universitet rahbariyati tomonidan adabiy-badiiy kechani tayyorlaganliklari uchun filologiya hamda pedagogika fakulteti professor-o‘qituvchilari, talabalari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Albatta, ushbu e’tibor o‘qituvchi va talabalarga yana ham ko‘tarinki ruh, yaxshi kayfiyat baxsh etdi.

Pedagogika fakulteti musiqa va uni o‘qitish, filologiya fakulteti o‘zbek adabiyotshunosligi kafedralari professor-o‘qituvchilari, har ikkala fakultet talabalari ijrosidagi turli qo‘shiq, raqs, g‘azal, ruboiy, aytishuv, sahna ko‘rinishlari katta mehnat va mahorat bilan tayyorlangani kecha ishtirokchilarida o‘ziga xos samimiy tuyg‘ular, Alisher Navoiy shaxsiga ehtirom, uning ijodidan ilhom, zavq-shavq olish, buyuk ajdodimizga nisbatan faxr-iftixor tuyg‘ularini tuyishiga sabab bo‘ldi, deyish mumkin.

 

 

 

                                      

                                                                           

 

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2019. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!