0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETIDA QO'SHMA DASTUR ASOSIDA KADRLAR TAYYORLANADI

31 Yanvar 2019 yil, Payshanba
Ko'rilgan: 965

Muallifi: Sharofiddin Hoshimjonov
ADU matbuot kotibi

Avval xabar berganimizdek, Andijon davlat universiteti delegatsiyasi joriy yilning 28-29 yanvar kunlari Rossiya Federatsiyasi Mordoviya davlat universitetiga rasmiy tashrif uyushtirdilar. Delegatsiya tarkibida universitet rektori Yuldashev Akramjon Sultanmurodovich, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Rasulov Baxtiyor Maxmudjanovich, xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Alimov Farhod Sharabidinovichlar Mordoviya davlat universitetining ilmiy, o‘quv-uslubiy va moddiy-texnik bazasi bilan tanishib, ikki tomonlama foydali shartnomalar imzolab qaytdilar.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad, ikki tomonlama akademik hamkorlikni yanada mustahkamlash va shuningdek, qo‘shma dasturlar asosida kadrlar tayyorlash, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilarni stajirovka, malaka oshirish, aspirantura va doktoranturaga yuborish, o‘zaro ilmiy, metodik hamkorlikni rivojlantirishdan iborat edi.

Dastlab 28-yanvar kuni delgatsiyamiz vakillari bilan N.P.Ogaryov nomidagi Mordoviya davlat universiteti rektori S.M.Vdovin, shuningdek, axborotlashtirish va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor K.A.Leshchankin, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor P.V.Senin, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor A.Y.Maslova, iqtisodiyot bo‘yicha prorektor D.Okunev, darsdan tashqari ishlar bo‘yicha prorektor M.D.Martinovalar o'rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Kunning ikkinchi qismida esa, vakillarimiz universitetning ilmiy, ta’lim va ijtimoiy infratuzilmsi bilan tanishish maqsadida Mordoviya davlat universitetining Matematika va axborot texnologiyalari, Iqtisodiyot, Biotexnologiya va biologiya fakultetlariga, Fizika va kimyo, Tibbiyot, Milliy madaniyat institutlariga, sport-sog‘lomlashtirish majmuasi, volontyorlar markazi, M.M. Baxtin nomidagi markazga tashrif buyurdilar.

Tashrifning ikkinchi kunida delegatsiyamiz vakillari “Mordoviya texnoparki”ga tashrif buyurib, Mordoviya davlat universitetining "Silikon karbidli yagona kristallarni sintez qilish va qayta ishlash" ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi faoliyati bilan tanishdilar. Bu yerda Mordoviya davlat universitetining o‘qituvchilari "Kvantorium" bolalar texnik parkida Mordoviya respublikasining maktab o‘quvchilarini o‘qitish orqali ularni keyingi ta’lim bosqichlariga tayyorlashiga guvoh bo‘ldilar.

Bundan tashqari, vakillarimiz geografiya va filologiya fakultetlari bilan hamkorlik o‘rnatish masalasini ham muhokama qildilar.

Ekskursiya dasturiga ko‘ra vakillarimiz shaharning tarixiy qismlari bilan tanishdilar, shuningdek, 2018 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati ob’ektlarini borib ko‘rdilar. Ayniqsa, Mundial o‘yinlariga mezbonlik qilgan «Mordovia Arena» stadioni katta taassurot uyg‘otdi.

Universitetimiz delegatsiyasining ikki kunlik tashrifi natijalariga ko‘ra Z.M. Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti hamda N.P. Ogarev nomidagi Mordoviya davlat universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturlari to‘g‘risida bitim imzolandi. Bitimga ko‘ra, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab filologiya (rus tili va adabiyoti) hamda turizm ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriaturaga, biologiya va menejment mutaxassisliklari bo‘yicha magistraturaga qo‘shma ta’lim dasturlari asosida talabalar qabul qilishni boshlash, shuningdek, akademik harakatlanishni yanada rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Aytish joizki, ushbu ta’lim yo’nalishlari va mutaxassisliklari diplomlari ikki tomonlama tasdiqlanadi va tan olinadi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish lozimki, Mordoviya davlat universiteti bilan hamkorlik aloqalari 2018 yilning 18-19-oktabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan "O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi"dagi kelishuvlar natijasiga ko‘ra Rossiya Federatsiyasining Mordoviya davlat universiteti va Andijon davlat universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilmoqda.

 

 

 

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2019. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!