0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

BIZNING BOSH MAQSADIMIZ – JAHON ANDOZALARIGA MOS KADRLAR TAYYORLASH

31 Dekabr 2018 yil, Dushanba
Ko'rilgan: 864

Muallifi: A.S.Yuldashev
Andijon davlat universiteti rektori, professor

Andijon davlat universitetida 28 dekabr kuni universitet Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Kengash a’zolari va barcha kafedralarning professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Yig‘ilishda universitetimiz rektori, professor A.S.Yuldashev universitetda 2018 yilda erishilgan yutuqlar xamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va 2019 yilda amalga oshiriladigan vazifalar yuzasidan ma’ruza qildi.

 Aziz yurtdoshlar, hamkasblar, qadrli talabalar! Barchangizni kirib kelayotgan 2019-yil bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. 

 2018 yil nafaqat yurtimiz, viloyatimiz, balki, universitetimiz tarixida ham katta o‘zgarishlar yili bo‘ldi. Barcha sohalarda qator yutuqlarga erishildi. Universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan viloyatimiz va respublika miqyosida 100 dan ortiq yirik madaniy tadbirlar tashkil qilindi. O’qituvchi va talabalarimiz turli xil ko‘rik tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdilar. Jumladan, “Nemis tili va adabiyoti” kafedrasining professori Muxtorxon Umarxo‘jaev “Do‘stlik” ordeni bilan, O‘zbek tilshunosligi kafedrasining professori Sh.Shahobidinova “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan, Jismoniy madaniyat va sport fakultetining dekani B.Nosirov “Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan, “Rus tili va adabiyoti” kafedrasining katta o‘qituvchisi M.Temirova atoqli qirg‘iz adibi Ch.Aytmatovning hayoti va ijodini keng targ‘ib qilish yo‘lidagi xizmatlari uchun “Chingiz avlodi” ko‘krak nishoni bilan  taqdirlandilar. “Jahon tarixi” kafedrasining katta o‘qituvchisi Ye.A.Smesova esa “Eng faol deputati” tanlovi Respublika bosqichida faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Ayniqsa, “O‘zbekiston tarixi” kafedrasining professori, t.f.d.  R.Shamsutdinovning sa’yi-harakatlari bilan universitetda butun respublikaga na’muna bo‘la oladigan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi tashkil etilganligi quvonarli holdir. Muzey eksponatlari respublika Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi mutaxassislari tomonidan ham keng e’tirof etilmoqda.  

Yakunlanib borayotgan 2018 yilda talabalarimiz tomonidan ham qator yutuqlarga erishildi. Xususan, jismoniy madaniyat fakultetining 3 bosqich talabasi Ahmedova Dilraboxon “Zulfiya” nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Xuddi shu fakultetining 2 bosqich talabasi Iqboljon Xoldarov esa “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini qo‘lga kiritish bilan birga “Yilning eng yaxshi  talaba sportchisi” tanlovining respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Chet tillar fakultetining 2 kurs talabasi Yuldasheva Shaxzodaxon esa “Islom Karimov fondi” tomonidan o‘tkazilgan insholar tanlovida faxrli 3 o‘rinni qo‘lga kiritdi. Universitet talabalaridan tashkil topgan “Andijon yoshlari” jamoasi “Tafakkur sinovlari” tanlovining Respublika bosiqichida ishtirok etib, faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdilar va tanlov tarixida eng sovrindor jamoaga aylandilar. Shuningdek, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tkazilgan “Mega sport” sport musobaqlarida universitet talabalari umumjamoa hisobida respublikada 2 o‘rinni egalladi. Jahon banki, Xalqaro mehnat tashkiloti va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida respublika oliy ta’lim muasssasalari o‘rtasida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual tanlovining respublika bosqichida universitetning «A-Z»jamoasi esa faxrli 2-o‘rinni egalladi. Kuni kecha viloyatimizda o‘tkazilgan “Tadbirkor ayollarning “Eng yaxshi innovatsion loyihasi” tanlovida o‘qituvchilarimiz Isakova Feruzaxon, Umarova Sayyoraxonlar hamda talabamiz Yuldasheva Shaxzodaxonlar tanlovning respublika bosiqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar. Shuningdek, xalqaro sport musobqalarida 14 ta, respublikamizda o‘tkazilgan musobaqalarda 43 ta oltin, kumush va bronza medallari qo‘lga kiritildi.

2018 yilda universitetda ta’lim sifatini, professor-o‘qituvchilar saloxiyatini oshirish, ta’lim mazmunini yaxshilash, o‘quv jarayonini boshqarishni avtomatlashtirish va boshqa sohalarda ham yutuqlarga erishildi. 2018 yilda talabalarning qabul kvotalari 20 foizga oshdi. Qo‘shimcha ravishda sirtqi ta’lim shakliga 9 ta bakalavriatura ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalar qabul qilindi. Kunduzgi ta’lim shaklida 3 ta bakalavriatura ta’lim yo‘nalishlari (Mexanika, Fizika va astronomiya o‘qitish metodikasi, Arxivshunoslik) hamda 4 ta magistratura mutaxassisliklari (Lingvistika (o‘zbek tili), Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (maktabgacha ta’lim), Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi (boshlang‘ich ta’lim), Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof muxit fizikasi - bu mutaxassislik bo‘yicha universitet tayanch hisoblanadi) yangi ochildi. Shuningdek, o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan maktabgacha ta’lim bakalavriat yo‘nalishi tashkil etildi, xorijiy fuqarolarni oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish kvotalaridan tashqari suhbat asosida test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi.

2018/2019 o‘quv yilida tayanch (etakchi) oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda universitetning tegishli ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha ishchi o‘quv rejalar va dasturlar kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Hozirda mazkur ishchi o‘quv rejalar asosida o‘qishlar tashkil etilgan.

Mazkur o‘quv yilidan boshlab, ya’ni 1-bosqichiga qabul qilingan talabalarning bilimini nazorat qilish va baholash 5 ballik tizimiga o‘tkazildi. Shu asosida universitet talabalarining bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizomi ishlab chiqildi va belgilangan tartibda tasdiqlandi.

2018-2019 o‘quv yilidan boshlab universitet professor-o‘qituvchilarining vaqtini o‘quv jarayoniga xos bo‘lmagan ishlarga sarflashning oldini olish hamda ularni talabalar bilan ko‘proq ishlashga yo‘naltirish maqsadida har bir fakultetda «ustoz-shogird» tizimi joriy etildi.

Universitetda kadrlarni maqsadli tayyorlashni yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy-pedagogik kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida universitetning fizika, matematika, kimyo va biologiya (turlar bo‘yicha) ta’lim yo‘nalishlarining 2-3-bosqich talabalari orasidan jami 33 nafar iqtidorlilari saralab olinib, bir semestr davomida O‘zbekiston Milliy universitetida o‘qishlarini davom ettirib qaytdilar.

Ta’lim tizimini jahon standartlari darajasiga yetkazish maqsadida xalqaro hamkorlik tizimini yanada kuchaytirish, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama manfaatli shartnomalar tuzildi. Universitetning 10 dan ortiq professor-o‘qituvchilarini xorijiy mamlakatlar oliy ta’lim muassasalariga stajirovka, malaka oshirish kurslariga yuborildi. Jumladan, Zoologiya kafedrasi o‘qituvchisi M.Zokirova Rossiya Federatsiyasining A.S.Pushkin nomidagi Leningrad universitetiga “El yurt umidi” jamg‘armasi yo‘llanmasi asosida (1 oylik) malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi.

Shuningdek, jahonning yetakchi ilmiy tadqiqot hamda oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarini keng joriy qilish, o‘quv-pedagogik faoliyatga, master-klasslar o‘tkazishga, malaka oshirish kurslariga xorijiy hamkor ta’lim muassasalaridan yuqori malakali o‘qituvchilar va olimlar faol jalb qilindi. Xususan, tegishli ta’lim yo‘nalishlari talabalariga Italiyaning Piza universiteti professori Mishel Pagano “Kompyuter tarmoqlarida grafik modellari” fanidan 10 soat, Germaniya Federativ Respublikasi Leybnits nomidagi Gannover universitetining Organik kimyo instituti professori, k.f.d., Xolger Butenshon “Ferrotsenlar: yarim sendvichdan sendvichga tomon” fanidan, Kemerovo davlat universiteti professori Yu.A.Stepanov “Dasturlash asoslari” fanidan 36 soat, Ufa neft-texnika universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori N.Rahimov “Zamonaviy lazer texnologiyalari” fanidan, Voronej davlat universiteti prfessori, akademik S.I.Rembeza Yarim o‘tkazgichlar fizikasi fanidan, Indiana (AQSh) universitetining Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rganish departamenti professori M. Nazif Shahrani “Tarixiy antropologiya” fanidan 26 soat, Moskva davlat veterinariya, meditsina va biotexnologiya akademiyasi professori, kimyo fanlari doktor, biologiya fanlari doktori S.Yu.Zaysev zamonaviy kimyo va biologiya yutuqlari va muammolariga bag‘ishlangan ma’ruza mashg‘ulotlarini olib bordilar.

Qo‘shni davlatlar bilan ham o‘quv-uslubiy jihatdan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Qirg‘iziston Respublikasi Osh davlat universiteti professorlari Islamiddin Toshpolotov hamda Dilmurod Tursunovlar universitetimizga tashrif buyurdilar. Prof. I.Toshpolotov fizika ta’lim yo‘nalishi 1-kurs talabalariga “Роль нанотехнологий в новой реальност” mavzusida, prof. D.Tursunov esa 2-kurs matematika ta’lim yo‘nalishi talabalariga “Асимптотичекое решение трехзонной бисингулярной задачи Дирихле” mavzusida ma’ruza o‘qidilar. Osh davlat universiteti vakillarida fakultetdagi “Mexanika”, “Molekulyar fizika”, “Elektr va magnetizm”, “Optika”, Atom va yadro fizikasi” va “Radioelektronika” laboratoriyalari faoliyati katta taassurot qoldirdi. Qozog‘iston Respublikasi Qozog‘iston Milliy Pedagogika universiteti professori, geografiya fanlari doktori B.Sh.Abdimanapov “Qozog‘iston Respublikasida geografiya ta’limi: muvaffaqiyatlar, muammolar va yechimlar” mavzusida mahorat darslari o‘tib berdi.

 

 

Bundan tashqari, universitetimizga respublikamizning yetakchi ilmiy tadqiqot xamda oliy ta’lim muassasalari professorlarining tashrifi ham tashkil etildi. Jumladan, O‘zR FA Astronomiya instituti direktori, fizika-matematika fanlari doktori, akademik Egamberdiev Shuhrat Abdumannapovich, O‘zR FA akademigi, O‘zbekiston milliy universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori, O‘zbekiston matematiklar jamiyati raisi, adabiyotshunos olim, dramaturg Abdulla A’zamov, O‘zR FA Fizika-texnika instituti “Fizika-Quyosh” Ilmiy ishlab chiqarish boshqarmasi taniqli olimi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Abdulaziz Vaxitovich Karimovlar tegishli ta’lim yo‘nalishlari yosh mutaxassislari, magistrantlari, talabalariga mahorat darslari, ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.

O‘tgan o‘quv yili davomida universitetimizga nafaqat xorijiy mamlakatlar va respublikamizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari kelib mashg‘ulotlar olib bordilar, balki, universitetimiz professor-o‘qituvchilari ham chet davlatlar oliy ta’lim muassasalarida master-klass xamda mashg‘ulotlar o‘tib qaytdilar. Bunga universitetimiz professor-o‘qituvchilari: filologiya fanlari doktori D.Nabieva, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent M.Halimova, tarix fanlari doktori B.Rasulovlar Tojikiston Respublikasining Xo‘jand davlat universiteti, Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti, Tojikiston davlat pedagogika universiteti hamda Tojikiston Milliy universitetlariga mahorat darslarini olib borganliklari misol bo‘la oladi.   

         Hamkorlik aloqalari doirasida universitetimiz xamda Tojikiston Respublikasi Xo‘jand davlat universiteti o‘rtasida fakultetlararo o‘quv, ilmiy va xalqaro aloqalarni rivojlantirish maqsadida filologiya fakulteti dekani B.Rahmonov, tabiiy fanlar fakulteti dekani N.To‘xtaboev va o‘zbek tilshunosligi kafedrasi katta o‘qituvchisi A.G‘ozievlar Xo‘jand davlat universitetida bo‘lib, sharqshunoslik, tarix-huquq, kimyo-biologiya fakultetlaridagi o‘quv jarayoni va ilmiy faoliyati bilan o‘zaro tajriba almashildi.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh davlat universiteti bilan fizika, matematika, kimyo hamda ona tili va adabiyoti (qirg‘iz tili va adabiyoti) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

         Joriy yilning 19 oktabr kuni Rossiya Federatsiyasidagi Mordoviya davlat universiteti rektori, professor S.M.Vdovin Andijon davlat universitetiga tashrif buyurdi. “O‘zbekiston-Rossiya ta’lim forumi” doirasida Rossiya Federatsiyasining Mordoviya davlat universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar asosida talabalarni o‘qitish, fakultet va kafedralar filiallarini tashkil qilish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, maqsadli ilmiy izlanishlar olib borish, o‘quv va ilmiy adabiyotlar almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi. Ushbu hamkorlik doirasida ilk amaliy qadamlar ham qo‘yildi. Xususan, 19-21 dekabr kunlari Mordoviya davlat universitetlari professorlari A.Klimova xamda R.R.Bikmurzalar tomonidan Matematika yo‘nalishi talabalariga (webinar) onlayn darslar tashkil etildi.

         2018 yilda ilmiy ishlar va innovatsion faoliyat sohasida ham katta yutuqlar qo‘lga kiritildi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, hisobot yilida universitetning umumiy ilmiy salohiyati 27,4 % ni tashkil etdi.

Hozirgi kunda mavjud 31 kafedralarning asosiy shtatida 685 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ulardan 29 nafari fan doktori (yoki unga tenglashtirilgan unvonlarga) va 159 nafari fan nomzodi va 27 ta PhD ilmiy darajasiga ega.

           2018 yilda 4 ta fan doktori (DSc), 24 ta falsafa fanlari bo‘yicha fan doktori (PhD) dissertatsiyasi himoya qilindi, 5 nafar dotsent ilmiy unvoni olindi. Quvonarlisi, ularning 5 nafari muddatidan oldin ilmiy ish himoyatarini amalga oshirdilar.

Hisobot yili davomida 6 ta monografiya, 21 ta o‘quv qo‘llanma va 14 ta uslubiy qo‘llanmalar, 245 ta maqola, shu jumladan 54 ta maqola xorijiy jurnallarda, va 682 ta tezislar respublika va xorijiy davlatlar nashrlarida chop etildi.

2018 yil davomida universitetda 3 ta xalqaro, 2 ta respublika, 5 ta vazirlik miqyosida konferensiyalar tashkil etildi va yuksak darajada o‘tkazildi.

Universitet tuzilmasida universitet rektorining 2018 yil 7 iyuldagi №04-105 sonli buyrug‘i bilan innovatsion jamg‘arma va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘linmalari tashkil etildi.

Kafedralar professor-o‘qituvchilari tomonidan xalqaro, respublika va ADU miqyosida tasdiqlangan ilmiy yo‘nalishlarda fundamental va amaliy xarakterdagi tadqiqotlar olib borildi. Universitet huzurida yangi innovatsion o‘quv-ilmiy markaz tashkil etildi. Yil davomida 4 ta xalqaro (ushbu loyihalarning umumiy qiymati 257.3 ming AQSh dollariga teng), 7 ta respublika miqyosidagi ta’limiy va ilmiy grantlar asosida tadqiqotlar olib borildi.

         Universitetda 2018 yil davomida bajarilishi 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan 4 ta fundamental, bajarilishi 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan 1 ta amaliy, bajarilishi 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan 1 yosh olimlar amaliy hamda 2018-2020 yillarga mo‘ljallangan 1 ta amaliy tadqiqotlar dasturlari doirasidagi ITI loyihalari amalga oshirilmoqda.

Andijon davlat universitetida mavjud PhD.28.02.2018.FM.60.01 - Yarimo‘tkazgichlar fizikasi va DSs.28.02.2018.FM.60.01 - Yarimo‘tkazgichlar fizikasi (fizika-matematika fanlari) bo‘yicha ilmiy kengashda 2018 yilda 8 himoya amalga oshirildi, shundan 2 ta DSs, 6 PhD ilmiy darajasi himoya qilindi, ulardan 1 ta DSs, 1 PhD universitet xodimlari hisoblanadi.

Shuningdek, ilmiy tadqiqot yo‘nalishida xalqaro hamkorlik aloqlari yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, Osh davlat universiteti bilan hamkorlikda fizika, matematika, kimyo hamda ona tili va adabiyoti (qirg‘iz tili va adabiyoti) yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot hamda loyihaviy grant dasturlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Osh davlat universitetining fizika yo‘nalishi bo‘yicha Ilmiy Kengashga Andijon davlat universitetining akademigi S.Z.Zaynobiddinov a’zo etib tayinlandi. Hozirda S.Zaynobiddinov Osh davlat universitetida faoliyat olib borayotgan 2 nafar, filologiya fanlari doktori, professor Sh.Yusupova esa 1 nafar tadqiqotchiga ilmiy rahbar sifatida tayinlandi.

Hisobot yilida “ADU Ilmiy xabarnomasi” jurnalining nufuzi yanada ortdi. Jurnal har chorakda bittadan yiliga 4 sonda muntazam chop etilib, 125 dan ortiq maqola e’lon qilindi. Jurnalning har yilgi maxsus sonini chop etish yo‘lga qo‘yilgan, unda magistr va iqtidorli bakalavr talabalarning maqolalari e’lon qilinadi.        

Jurnal nufuzini ko‘tarish maqsadida uning tahrir hay’ati tarkibiga O‘zR FAning ilmiy-tadqiqot institutlari va respublikamizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari olimlari jalb etildi.

Hozirgi kunda 7 ta yo‘nalishda OAK ro‘yxatiga kiritilgan “ADU Ilmiy xabarnomasi” respublikamizda bu bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichga ega.

Universitet professor-o‘qituvchilari va iqtidorli yoshlariga ilmiy tadqiqotlari natijalarini tezkor chop etish maqsadida «Vodiynoma» ijtimoiy-tarixiy, ilmiy va ommabop jurnali tashkil etilgan. Jurnal tarix yo‘nalishi bo‘yicha OAK ro‘yxatiga kiritilgan. Hozirgi kunda jurnal har chorakda bittadan yiliga 4 sonda muntazam chop etilmoqda. Hisobot yilida mazkur jurnalning nufuzi yanada ortdi.

Shuningdek, 2018 yilda universitet Kengashi qarori bilan “Innovatsiya: fan, ta’lim, texnologiyalar” davriy jurnali chop etila boshlandi. Jurnal bir yilda ikki marotaba  nashr etilmoqda

 Talabalarni ilmiy ishlar va innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqishga jalb etish bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirildi. Shuningdek univevrsitetimiz talabalari Xalqaro xamda Respublika fan olimpiadalarida ham munosib ishtirok etdilar. Jumladan, 2 nafar talabamiz: Valiev Botirjon fizika fani bo‘yicha, Jumaev Sarvar Huquqshunoslik. O‘zbekiston respublikasi konstitutsiyasi fani bo‘yicha Respublika fan olimpiadasida 3-o‘rin sohibi bo‘ldilar.

2018 yilning oktabr oyida  Urganch shahrida matematika fani bo‘yicha Al-Xorazmiy nomidagi I Xalqaro Olimpiadada matematika yo‘nalishi 3-kurs talabasi Xasanboy Abdusalomov matematika kafedrasi dotsenti S.Axmedov rahbarligida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Biroq, ish bor joyda kamchilik bo‘lganidek, hisobot yilida turli sohalarda ayrim kamchiliklar ham qayd etildi. Masalan, ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etishda ayrim kafedralar tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilishi kuzatildi. Konferensiyalar va anjumanlar tashkil etish, grantlar ishlab chiqish holati, ilmiy unvonlarga talabgorlarning kamligi, iqtidorli talabalarni ilmiy ishlarga jalb etish ishlarini tanqidiy ko‘rib chiqishimiz xamda kelajakda bu sohalarda e’tibor berishimiz lozim bo‘lgan ishlarni rejalashtirib olishimiz muximdir. Shuningdek, ilmiy tadqiqot ishlar natijalarini chop etish masalasi ham og‘riqli muammolarimizdan biri ekanligini ko‘rsatib o‘tish lozim. Monografiya, o‘quv, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, ilmiy maqolalarni soni va sifatiga ham alohida e’tibor berishimiz kerak.

2018 yilda Andijon davlat universitetining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan 4 nafar talabamiz: Batirova Maftuna Akmal qizi, Ismanova Diloromxon Baxtiyor qizi Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi, Eraliev Abduxalil Jaloldin o‘g‘li Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasi, Jumaev Sarvarbek Soyibjon o‘g‘li Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldilar.

2018-yil moliya va iqtisod hamda xo‘jalik xodimlari uchun ulkan zafarlar yili bo‘ldi desam aslo yanglishmayman. Ushbu soxa xodimlari tomonidan joriy yilda juda katta ko‘lamdagi qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda moddiy texnik bazani mustaxkalash ishlari amalga oshirildi. Asosan ko‘zga ko‘rinarli ishlar bo‘yicha to‘xtalsam.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabr kungi 936-sonli Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi tashkil etilib, muzey uchun ajratilgan xonalarda va binoni  tashqi fasad qismlarida 142 mln so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Ushbu muzeyni jixozlash maqsadida 5 dona 123 mln 750 ming so‘mlik “Infokiosk” sotib olindi. Muzey uchun jami 135 mln so‘mlik ko‘rgazmali vitrinalar, moybo‘yoqli rasmlar, stol-stullar va turli o‘lchamdagi pannolar tayyorlanib o‘rnatildi.Umumiy hisobda universitet byudjeti va homiylik hisobidan 400 mln so‘mdan ortiq mablag‘ sarflandi. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi rolini inobatga olib, muzeyimiz to’g’risida 2 qismli kinofilm suratga olindi va markaziy televideniylarda namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston  Respublikasi  Vazirlar  Mahkamasining  2018-yil  8-aprel  kungi  303-f-sonli farmoyishi asosida Andijon shahar Avtomobil yo‘llari qurilishi kolleji Andijon davlat universiteti balansiga qabul qilinib, universitetning Pedagogika fakulteti ko‘chirib olib o‘tildi. Kollejni o‘quv va talabalar turar joyi binolarida 155 mln so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari bajarilib, zaruriy o‘quv jixozlari bilan ta’minlandi.

Andijon viloyati xokimining 2018-yil 24-noyabr kungi 218-f-sonli farmoyishiga asosan universitet ma’muriyati tomonidan Asosiy hududga va keyinchalik Pedagogika fakulteti binolariga(Asosiy hudud bilan oraliq masofa 450 metrni tashkil etadi.) yangi gaz tarmog‘i tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida jami 4560 metr masofadagi yangi gaz tarmog‘i tortib kelindi. Bu esa yiliga universitet byudjetidan 750 mln so‘mdan ortiq mablag‘ iqtisod qilinishiga olib keladi.

Vazirlar Maxkamasining 2017-yil 28-iyul kungi 557-sonli qaroriga asosan universitetning Xonobod shahridagi “Dam olish maskani”ni talab darajasiga keltirish vazifasi topshirilgan edi. Ushbu topshiriqning ijrosini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamyatining 3 mlrd so‘mlik homiylik mablag‘lari jalb etildi. Ushbu mablag‘lar xisobiga “Dam olish maskani”da 100 o‘rinli oshxona binosi kapital ta’mirlanib, xo‘jalik binosi rekonstruksiya qilindi. Suzish xavzasi kapital ta’mirlanib, 265 metr masofadagi temir panjara yangilandi, 160 kuchlanishli yangi transformator o‘rnatildi. 40 o‘rinli yangi yotoqxona binosini hamda sport maydonini qurish ishlari yakunlandi.

Universitetning fizika matematika fakulteti joylashgan Cho‘lpon shoxko‘chasidagi binoning tashqi fasad qismi joriy ta’mirdan chiqarilib, 85 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi.

Universitetning Chet tillar fakulteti hududidagi sport zal binosini test sinovlariga tayyorlash jarayonida 124 mln so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Chet tillar fakulteti hududidagi avariya xolatiga kelib qolgan panoxgoh joriy ta’mirdan chiqarildi hamda yaroqsiz xolga kelib qolgan mavjud eski naveslar qayta ta’mirlanib, soz xolga keltirildi.

Universitet akademik litseyi binosining “A” blogidagi issiqlik va elektr tizimlari, pol qismlari va eshik romlari joriy ta’mirlanib, 95 mln so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Bundan tashqari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish,texnik ta’minot sohalarida ham qator ishlar amalga oshirildi.

Umuman olganda 2018 yil universitetimiz jamoasi uchun muvaffaqiyatli keldi deb ayta olamiz.

Universitetda 2019 yilda amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha rejalar ham belgilab olishimiz lozim.

2019 yilda o‘quv jarayonini sifatini oshirish, darslarni jahon andozalari darajasida tashkil etish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi yordamida professor-o‘qituvchilarimizning yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalariga maqsadli stajirovka va malaka oshirish kurslariga jo‘natishni kechiktirib bo‘lmas vazifa deb hisoblaymiz. Bundan tashqari yetakchi xorijiy oliy ta’lim professor-o‘qituvchilarini universitetimizga taklif etib, dars mashg‘ulotlariga jalb etishimiz lozim.

2018-2019 o‘quv yilida universitet o‘quv jarayoniga 20 ga yaqin davlatlardan 73 nafar yuqori malakali xorijiy olimlar, o‘qituvchi va mutaxassislarni keng jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Kelasi yili yanvar oyida Rossiya Federatsiyasi Mordoviya davlat universitetiga tashrif buyurib, tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan hamkorlikda bakalavr va magistratura mutaxassisliklarining “Axborot xavfsizligi”, “Marketing” va “Turizm” yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama diplom berish dasturi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish rejalashtirilmoqda. Bunday qo‘shma dasturlarni boshqa xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ham amalga oshirish choralarini ko‘rishimiz lozim.

Shuningdek, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, AҚSh xamda boshқa xorijiy davlatlarining nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan ҳamkorlik aloқalarini ўrnatishimiz maқsadga muvofiқdir.

Kelasi 2019 yilda universitetimiz professor-o‘qituvchilari, yosh mutaxassislarini ilmiy ishlari yuzasidan tadqiqot olib borishlariga keng imkoniyatlar yaratishimiz, ularning xalqaro ilmiy bazalardan foydalanishini yanada kuchaytirish, “ADU Ilmiy xabarnomasi” jurnalini 3 ta yo‘nalishda aloxida chop etishni yo‘lga qo‘yish, tahrir xay’atiga chet ellik yetakchi olimlarni jalb etish choralarini ko‘rish xamda SCOPUS xalqaro ilmiy bazasi ro‘yxatiga kiritish choralarini ko‘rishimiz lozim.

So‘zimning so‘ngida aytmoqchimanki, bizning bosh maqsadimiz – jahon andozalariga mos kadrlar tayyorlash bo‘lib qoladi.

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2019. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!