0(374)223 88 14
     
      A   A   A   A   A   RASMSIZ  

Tilning go’zalligi — iymonning go’zalligi

23 Oktyabr 2018 yil, Seshanba
Ko'rilgan: 251

Tilning go’zalligi — iymonning go’zalligi

Til – millat ko’zgusi. Tilga e’tibor - elga e’tibor. Bunday purhikmat jumlalarni yana va yana davom ettirish cheksiz, albatta. Insonning kim ekanligini uning nutqi, tili, ya’ni qanday so’zlar so’zlashi bevosita ko’rsatib turadi. Odamzod mana shu birgina ne’mat vositasida iymon nurlariga burkanishi, yoinki kufr olami tomon odimlashi mumkin.

Bu til yordamida buyuk Yaratganning nomini zikr etamiz, suyukli insonlarni muborak nomlari ila chaqiramiz, murojaat etamiz. Ularga mehrimizni, muhabbatimizni oshkor etamiz, so’zlaymiz. Onamizga erkalik qilamiz, farzandimizni erkalaymiz.

Lekin hech o’ylab ko’rganmizmi, til yoki nutq bo’lmasa, gapirolmasak, qanday fojea bo’lar edi? O’zimizni baxtsiz hisoblamasmidik?

Bir kun - 24 soat gapirolmaslik haqida o’ylaganmisiz? Xo’p, mayli, bu haqida o’ylamabmiz, ammo shu 24 soat ichida bu til nimalar deyayotgani borasida-chi, fikr qilganmizmi? Goho achinib ketaman, shu noyob ne’matni befoyda amallarga sarf etayotganimizga, gunohi kabiralarni amalga oshirayotganimizga.

Ha, to’g’ri-da. Kim g’iybat qilmaydi? Kim dilozorlik qilmagan? Kim befoyda, qo’pol, besharm so’zlarni aytmagan? Hatto bunday chirkin so’zlarni 60 yoshdan o’tgan, yoshi ulug’ kishilarning tilidan eshitib qolish hech gap emas. Ming ajablarki, ayollar ham bundan mustasno emas.

Xususan, so’kishni ko’p ishlatadigan beodob odamlar katta gunohlarga sabab bo’ladilar. Ular oliy ilm dargohlarini bitirganlar, katta mansablarni egallagan bo’lishlari, yaxshi kiyinib, yaxshi yashashlari ham mumkin.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning “Hadis va Hayot“ kitobining “Yaxshilik va axloq“ nomli 34-juzida shunday hadis keltirilgan: Imom Bayhaqiy Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.): “Har qanday ikki musulmonning orasida, albatta, Alloh taolo tomonidan tutilgan parda bo’ladi. Ulardan biri ikkinchisiga bir og’iz so’kish so’z aytsa, Allohning pardasini yirtgan bo’ladi”, deganlar. Kishilar orasidagi o’zaro hurmat va ehtirom islom dinida qanchalik ulug’lanadi. Hadisi sharifda bu narsani “Allohning pardasi”, deyilmoqda.

So’kingan, yomon so’zlarni aytgan kishi katta ma’naviy jinoyat sodir etgan bo’ladi. U oz emas, ko’p emas, olamlarning Robbisi - Alloh taolo insonlar orasiga qo’ygan pardani yirtgan hisoblanadi.

Bir narsani ko’p o’ylayman. Insoniyat muborak oy – Ramazon oyida yemoq-ichmoqlikdan nafsini tiyib ro’za tutgani singari aqalli, bir kungina jimlik kuni qilsa ne bo’larkin? Bir kunimizni ko’zlarni yumib o’tkazsak, ko’zlarning qadriga yetgan bo’lardik, yomon narsalarni ko’rishdan ko’zimizni asrardik. Bir kunimizni tilimizni tiyib, gapirmay o’tkazsak, “til ro’zasi”ni tutsak, tilning qadriga yetardik.

Quloqlarni ham berkitib bir kunimizni yashasak, g’iybat gaplarni eshitmaslikka o’rganardik… Axir buyuk mehribon Mavlo ato etgan bu ne’matlarni faqatgina uning roziligi uchun, yaxshilik uchun, saodat uchun, go’zallikni ko’rib undan zavq olish uchun sarf etishimiz - bu eng maqbul yo’l emasmi?!

Haqiqiy saodat-bu mustahkam iymonimizda! Iymonimiz mustahkamligi esa nutqimizning go’zalligidadir!!!

Gulnora PO’LATOVA,

ADU pedagogika va psixologiya ta’lim yo’nalishi 3-bosqich talabasi

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2018. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!