0(374)223 88 14
     
      A   A   A   A   A   RASMSIZ  

ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETIDA “QATAG‘ON QURBONLARI XOTIRASI” MUZYEYI OCHILDI

15 Avgust 2018 yil, Chorshanba
Ko'rilgan: 226

El-yurtimiz ozodligi, erkinligi va mustaqilligi uchun olib borilgan ko‘p yillik mashaqqatli kurashlarni haqqoniy va to‘laqonli aks ettirish, mustabid tuzum davridagi ommaviy qatag‘onlar tufayli qurbon bo‘lgan, insoniylik sha’ni, qadr-qimmati toptalgan vatandoshlarimizning xotirasini abadiylashtirish, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish muqaddas vazifamizdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2017 yil 31 avgust kuni “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrifi mobaynida jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda bunday muzeyni viloyatlarda ham ochish kerakligi haqida purma’no fikrlarni bildirgan edi. Shu munosabat bilan 2017 yil 22 noyabrda Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 936-sonli qarori qabul qilindi. 2018 yil 15 dekabr kuni Andijon davlat universiteti tuzilmasida “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi tashkil etildi va muzeyga tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov direktor etib tayinlandi. Bugungi kunda muzey 5 bo‘limdan  iborat bo‘lib, 7 ekspozitsion zalni o‘z ichiga olgan.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi direktori B. Hasanov, Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari S.Ismoilov va boshqa ko‘plab mehmonlar, jumladan, qatag‘on qurbonlarining avlodlari ishtirok etdilar.

Tadbirni Andijon davlat universiteti rektori A.S.Yuldashev ochib, asosiy maqsad yoshlarni vatanga sadoqat bilan tarbiyalash ekanligini qayd etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Bahtiyor Hasanov prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevni tarix faniga qaratayotgan e’tibori kundan-kunga ortayotganini ta’kidlab yoshlarimizni tarix bilan qurollantirib, ularning ma’naviyatini yuksaltirishda ushbu yangi muzeyning o‘rni katta bo‘lishini ta’kidladi.

Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari S.Ismoilov o‘z nutqida O‘zbekiston rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘yganini va bunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xizmatlari beqiyos ekanini ta’kidlab, endilikda viloyatimiz aholisi va mehmonlarini Andijon tarixi bilan tanishtiruvchi yana bir o‘ziga xos, yuksak darajada tashkillashtirilgan muzey faoliyat boshlashi hammani quvontirishini ta’kidladi va muzey ishiga muvaffaqiyatlar tiladi.

Shundan so‘ng muzeyning ramziy kalitini muzey direktori R.Shamsutdinovga topshirildi.

Tadbirning so‘nggi qismida mehmonlar va ishtirokchilar o‘zaro fikr almashdilar va muzeyning faoliyatini yanada kengaytirishga kelishib oldilar.

 

Dilshod Xomidov, muzey ekskursovodi

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2018. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!