0(374)223 88 14
     
      A   A   A   A   A   RASMSIZ  

Farzandingiz o'qishga kira olmagan bo'lsa: ota-onalarga 6 maslahat

10 Avgust 2018 yil, Juma
Ko'rilgan: 467

Ayni kunlarda juda ko'pchilik yoshlar va ularning yaqinlari hayajonda: oliy o'quv yurtlariga kirish uchun test sinovlari bo'lib o'tmoqda. Kimningdir uyida xursandchilik, yana kimdir esa omadi kelmaganidan kayfiyati tushib ketgan. Imtihondan muvaffaqiyatli o'tib, o'qishga kirib olganlarni tabriklaymiz, farzandlari o'qishga kirolmagan ota-onalarga esa quyidagi maslahatlarimiz bilan tanishib chiqishni tavsiya qilamiz.

1. Xotirjamlikni saqlang

Umidlaringiz oqlanmadi, ammo bundan fojia yasamang. Farzandingiz imtihondan o'tolmagani uchun yomonga aylanib qolmaydi. U o'zini ko'rsatishi uchun hali ko'p imkoniyatlar bo'ladi. Aybdorlarni izlamang, tinchlaning va hayot davom etishini tushuning.

2. Farzandingizni qo'llab-quvvatlang

Farzandingiz ertangi kuni uchun sizning oldingizda uyaladi. Ehtimol u hayotida birinchi marta mag'lubiyatga duch kelgan va bundan ezilayotgandir. Vaziyatni chigallashtirmang. Nima bo'lmasin uni qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligingizni ko'rsating.

3. Ijobiy tomonlarini qidiring 

Bunga boshqa tomondan qarang. Ehtimol uning o'qishga kirishi sizga ko'p boshog'riqlar olib kelishi mumkin edi. 

AQShda ko'p o'quvchilar bitiruvning birinchi yilida ataylab o'qishga kirishmaydi. Bu davr gap year deb ataladi — yoshlar bir yilni foydali o'tkazishga harakat qilishadi: ishlashadi, sayohat qilishadi, ota-onalariga yordam berishadi, o'zligini qidirib topishga urinishadi. Hujjat topshirish vaqti kelganida ular majburiyatni emas, mas`uliyatni his qilishadi. Farzandingiz bir yil davomida ulg'ayadi va o'ziga nima kerakligini tushunib yetadi.

4. Boshqa yo'llarni izlang

Farzandingiz qanday bo'lmasin o'qishga kirishni istasa va bunga ishtiyoqi kuchli bo'lsa, xorijiy o'quv yurtlariga hujjat topshirib omadini sinab ko'rsin. Balki bu yerga o'qishga kirolmagan farzandingiz xorij o'quv yurtiga kirib ketar.

5. «B» rejaga o'ting

Farzandingizdan endi nima qilmoqchiligini so'rang. Ko'pchilik o'smirlar ishlashni istashadi.

Shuni bilib olishingiz lozimki, O'zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 240-moddasiga ko'ra, o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslar mehnatga oid huquqiy munosabatlarda katta yoshdagi xodimlar bilan teng huquqda bo'ladilar, mehnatni muhofaza qilish, ish vaqti, ta`tillar va boshqa mehnat shartlari sohasida ular uchun mehnat to'g'risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda belgilangan qo'shimcha imtiyozlardan foydalanadilar.

Kechagina maktab o'quvchisi bo'lgan yoshlar bugun dabdurustdan og'ir mehnat qilishlari oson emas. Shu bois Mehnat kodeksining 241-moddasida o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslar mehnatidan shu toifa xodimlarining sog'lig'i, xavfsizligi yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo'lgan mehnat sharoiti noqulay ishlarda, yer osti ishlarida va boshqa ishlarda foydalanish taqiqlanishi ko'rsatib o'tilgan.

O'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslarning belgilab qo'yilgan normadan ortiq og'ir yuk ko'tarishlari va tashishlariga yo'l qo'yilmaydi.

Ish vaqtining muddati o'n oltidan o'n sakkiz yoshgacha bo'lgan xodimlarga haftasiga o'ttiz olti soatdan, o'n beshdan o'n olti yoshgacha bo'lgan shaxslar uchun esa haftasiga yigirma to'rt soatdan oshmaydigan qilib belgilanadi.

Unutmang, o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslarni tungi ishlarga, ish vaqtidan tashqari ishlarga va dam olish kunlaridagi ishlarga jalb etish taqiqlanadi.

Mehnat qilishdan tashqari, o'g'lingiz harbiy xizmatga borishi ham mumkin, zero hozirda harbiy xizmatni o'tab kelgan yoshlarga oliy o'quv yurtiga kirishda ko'plab imtiyozlar taqdim etilmoqda.

6. Keyingi yili o'qishga kirish uchun tayyorlanish

Farzandingiz bu yil o'qishga kirolmagan bo'lsa, qayg'uga botmang. Uning oldida yaxshilab tayyorgarlik ko'rish uchun yana bir yil muddat bor. Qattiq tayyorlansa, u o'qishga albatta kiradi.

Manba: kun.uz

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2018. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!