0(374)223 88 14
     
      A   A   A   A   A   RASMSIZ  

XITOY ARXEOLOGLARI BILAN MASTER KLASS

08 Iyun 2018 yil, Juma
Ko'rilgan: 545

Muallifi: Behzodbek Karimov
ADU, Tarix fakulteti, 2-bosqich talabasi

O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan 2014-2018 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturiga binoan O‘zbekiston Respublikasi FA va Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy FA o‘rtasidagi ikki tomonlama shartnoma asosida O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma xalqaro arxeologik kompleks ekspeditsiyasi Marhamat tumanidagi Mingtepa shahar harobasida ilmiy qazishma ishlari olib borilmoqda.
Qazishmalarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti (Samarqand), Xitoy Xalq Respublikasi Ijtimoiy Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti (Pekin), Bobur xalqaro jamg‘armasi xamda Andijon davlat universiteti Tarix fakulteti talabalari, professor-o‘qituvchilari faol qatnashmoqdalar.
O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma xalqaro arxeologik kompleks ekspeditsiyasi Andijon viloyatining Marxamat tumanidagi vodiydagi eng katta qadimshunoslik yodgorligi - Mingtepa shahar xarobasining 20 ga yaqin nuqtasida viloyat xokimligining rahnamoligida arxeologik qidiruv ishlari olib bormoqda.
Tarix fakultet dekani R.Shamsitdinovning taklifiga binoan 6-iyun kuni Mingtepada ish olib borayotgan Xitoy olimlari Leu TAU, Xe Sui LI, LI Ziping, Alijon Esonlar universitetimizga tashrif buyurishdi. Avvalo mehmonlar universitetimiz tarix fakulteti bilan yaqindan tanishdilar. So‘ngra dekanatda bo‘lgan suhbat chog‘ida tomonlar o‘rtasida hamkorlik shartnomasi tuzilishi maqsadga muvofiqligi R.Shamsitdinov tomonidan taklif qilindi. Xitoy tomon institut rahbariyati bu masalani o‘rganib chiqishini va tez orada javob berilishini bildirdi. Bu shartnomada asosan fakultetimiz pedagog-xodimlari va iqtidorli talabalarining qisqa va uzoq muddatga mo‘ljallangan stajirovkalarini tashkil tashkil qilish ham inobatga olinganligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Shunday amaliy rejalar bilan ilhomlangan olimlar fakultet aktlar zalida to‘plangan talabalarimizga master klass o‘tish uchun kirib kelishdi.



Dastavval fakultetimiz dekani mehmonlarni tanishtirib, o‘quv mashg‘ulotini ochib berdi. So‘ngra olimlar o‘zlarining prezentatsiyalari orqali Mingtepa tarixiy yodgorligi to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar berishdi. Unga ko‘ra qadimgi Farg‘ona vodiysida joylashgan Dovon davlatining poytaxti Ershi (o‘rta asrlardagi nomi Mingtepa) shahrini o‘rganilishidan asosiy maqsad dunyo savdo yo‘li hisoblangan “Buyuk ipak yo‘li”da qadimgi Xitoy imperiyasi bilan bo‘lgan savdo aloqlarida Ershi shahrining tutgan o‘rnini aniqlashdan iboratdir.
Arxeologlar Leu TAU, Xe Sui LI, LI Zipinglar talabalarga qazishma ishlaridan erishilgan yutuqlar to‘g‘risida quyidagilarni aytib o‘tdilar.
“Topilayotgan barcha ashyolar har ikkala davlatning ham katta yutug‘idir. Biz Mingtepa qadimiy yodgorligida hali o‘rganilishi kerak bo‘lgan ob'yektlar ko‘pligiga ishonamiz va bunda bizga albatta yana sizlarning, ya’ni tarix fakulteti o‘qituvchi va talabalarining yordami kerak bo‘ladi.” - deydi Leu TAU.
O‘quv mashg‘ulotida arxeologlar talabalarning qiziqtirgan savollariga ham javob berdilar. Savollar asosan Mingtepada topilgan madaniy va moddiy topilmalar haqida va Mingtepaning necha yoshda ekanligi hususida bo‘ldi.



“Mingtepada mana besh yildan buyon arxeologik tadqiqotlar natijasida ko‘plab topilmalar aniqlandi. Aniqlanayotgan topilmalar shuni ko‘rsatadiki, Mingtepaning yoshi 2000 yildan ortiqroqdir. Izlanishlar endi boshlandi. Biz Mingtepada hali o‘rganilishi kerak bo‘lgan joylar ko‘pligini hisobga olib, yana 3 yilga shartnoma imzoladik!” - deb javob berdi Xe Sui LI.
Qadimiy hayvonlar suyaklari bilan shug‘ullanuvchi LI Ziping ham Mingtepadan topilgan suyaklar milodiy va miloddan avvalgi asrlarga oid ekanligi va ularni o‘rganish esa tarixchilikni o‘rganishda katta ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.



O‘quv mashg‘uloti tugaganidan so‘ng arxeologlar tarix fakulteti binosi 1-qavatida joylashgan “Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi”ga tashrif buyurdilar. Muzey direktori tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat hodimi R.T.Shamsutdinov olimlarni muzey bilan tanishtirdi. Xitoylik olimlar bilan R.T.Shamsutdinovning Farg‘ona vodiysi tarixini o‘zida jamlagan “Vodiynoma” ilmiy jurnali orqali Mingtepa tarixiy yodgorligiga oid ilmiy maqolalarni berib borilishiga ham kelishib oldilar. Hamda sovetlar davrida O‘zbekistondan Qashqar, Urumchi shaharlariga ko‘chib ketgan muhojir vatandoshlarimiz nomlarini aniqlash bo‘yicha ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirishga ham kelishib olindi. Olimlar ko‘tarinki kayfiyatda o‘quv mashg‘uloti ishtirokchilari bilan xayrlashib, yana ortiga qaytdilar. Biz tadqiqotchi talabalar ham bu yilgi tadqiqot ishlarida yana faol ishtirok etamiz va yurtimiz tarixini yoritishga o‘z hissamizni qo‘shamiz.

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2018. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!