0(374)223 88 14
     
      A   A   A   A   A   RASMSIZ  

BAYRAMINGIZ MUBORAK, AZIZ AYOLLAR

07 Mart 2018 yil, Chorshanba
Ko'rilgan: 682

Muallifi: Akramjon Yuldashev
Universitet rektori. Biologiya fanlari doktori, professor

Qarang, yurtimizda uyg‘onish, yangilanish, yasharish fasli-bahor epkinlari qanday kezib yuribdi.       

Shunday ajib bir faslga o‘z ko‘rku latofati, nafosatu nazokati, mehru vafosi bilan go‘zallik baxsh etib turgan, Yaratganning bebaho mo‘’jizasi bo‘lgan tabarruk zotlar -  mo‘’tabar onaxonlar, muhtarama opa-singillar, sevimli va qadrdonlar, assalomu alaykum.

Avvalo, shunday dorilomon kunlarga yetishib, bayram arafasida Siz azizlarimga qalbim tubidagi eng sara va eng samimiy tilaklarimni izhor etish baxtiga musharraf etgani uchun Yaratganga beadad shukronalar aytaman.

Fursatdan foydalanib, qutlug‘ ayyom – 8 mart-Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan Sizlarni, Sizlarning timsolingizda butun universitetimiz ayollarini, muhtarama ustozlarimiz, munis opa-singillarimiz, lobar va latofatli talaba-qizlarimizni chin qalbimdan muborakbod etib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmat-ehtiromimni va ezgu tilaklarimni bildirishga ijozat bergaysiz.

Ayol borki, olam munavvar, ayol borki hayot bardavom.

Barchamiz uchun aziz va mo‘’tabar bo‘lgan ayol zoti haqida so‘z yuritar ekanmiz, bizni o‘z vujudida asrab-avaylab dunyoga keltirgan, bedor tunlari allalar aytib, yaxshi niyatlar bilan oq sut berib ulg‘aytirgan ONA siymosi oldida bosh egib ta’zim qilamiz. Dunyoda “buyuk” va “muqaddas” degan so‘zga eng munosib zot – bu  onadir. Borliqdagi  eng tabarruk tushunchalarni onadek mo‘’tabar zotga qiyoslab – ona vatan, ona til, ona tabiat deya atashimizda ham chuqur ma’no mujassam.

Ayolni e’zozlash, ayolga ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. Biz barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun Siz aziz va mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz. Sizlarning mehru muhabbatingiz, vafo va sadoqatingiz, fidoyiligingiz sababli hayotimiz charog‘on, Sizlar tufayli oilalarimizda tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka hukm surayotgani uchun barchangizga har qancha tasannolar aytsak arziydi.

Ayollarni hurmat qilish, millatni hurmat qilish bilan barobardir. Faqat mehribon ayollarimizgina bizga barcha to‘siqlarni yengib o‘tib, oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlarimizga erishish yo‘lida doimo g‘amxo‘rlik qilib, hamisha cheksiz ishonch, kuch va madad beradilar. O‘zbek ayolining o‘z oilasi, sevimli yoriga sadoqati, mustahkam iroda va mehru muhabbatga yo‘g‘rilgan ma’naviy jasorati beqiyosdir.

Yer yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi, uning ayollarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. Shuning uchun ham bugungi kunda xotin-qizlarimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ular uchun munosib mehnat sharoitlari yaratib berish, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalasi yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan

Birgina universitetimiz misolida oladigan bo‘lsak, barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishdek mashaqqatli va olijanob ishlarimizda biz bilan yelkama-elka turib mehnat qilayotgan 597 nafar professor- o‘qituvchilarimizning 241 nafarini xotin-qizlarimiz tashkil etadi. Bugun biz bilan bir safda turib odimlayotgan, universitetimiz sha’ni uchun tinmay mehnat qilayotgan ayol xodimalarimizning mehnatlari uchun barchangizga cheksiz ehtirom bildiraman.

Azizlarim, kasbingizu mavqeingizdan qat’iy nazar barchangiz biz uchun qadrli va ardoqlidirsiz.

Sizlarni bugungi qutlug‘ bayram – nafosat va go‘zallik ayyomi , 8- mart  bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Barchangizga avvalo, sog‘lik, ishlaringizda omad, oilaviy baxt-saodat, xonadoningizga xotirjamlik tilab qolaman.

Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin!

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2018. Barcha huquqlar himoyalangan. 
 
Ta'lim sifatini oshirish yuzasidan murojaat yo'llang!