Shaxsiy kabinet все шаблоны для dle на сайте newtemplates.ru скачать
Sayt xaritasi Ta'lim axborot tizimlari Davra.uz Moodle Davlat ramzlari
 
  • 14:48 – "ISTE'DOD" JAMG'ARMASI TANLOV E'LON QILADI 
  • 16:58 – KITOBXONLAR BAYRAMI 
  • 15:53 – YURTIMIZ TARAQQIYOTIGA MUNOSIB HISSA QO'SHIB KELAYOTGAN YOSH AVLOD VAKILLARINI MUKOFOTLASH TO'G'RISIDA 
  • 13:52 – КОНКУРС 

КERAK BO'LIB QOLGAN OTA

  • 05.08.2017
  • 0
1.

“Muruvvat uyi”ning tunlari uzun.Uzun tunlarda Davlatmurod bobo uzun-uzun o‘ylaydi. O‘yining tagiga yeta olmaydi…Ko‘zining oldiga qishlog‘ining ikki chetida baland teraklar o‘sgan ko‘chasi keladi. Bolaligi o‘tgan uy, chuchmomalar tergan Shomqochdi dashti, gulduramaydigan Guldurtepa keladi.
Ko‘zini ochsa, shundaygina Qozonariq chetida, bo‘tako‘zlar ichida yotib, tepasida chuldirayotgan mullato‘rg‘ayni ko‘radigandek.
Ko‘zini birpas ochmay yotsa, kimginadir sekingina qo‘lidagi qizg‘aldoq bilan yuzini qitiqlaydigandek.
Kimgina Zarbuvi bo‘ladi. Zarbuvining har kokili zar bo‘ladi. Zarbuvi suluv bo‘ladi. Zarbuvining so‘zlari muloyim bo‘ladi.
Davlatmurod bobo ko‘zini ochmay yotaveradi. Zarbuvini kutadi.
Zarbuvi kelavermaydi.
Davlatmurod bobo ko‘zini ochadi. Tepasida osmonni ko‘rmaydi, mullato‘rg‘ayni ko‘rmaydi.
Davlatmurod bobo tepasida “Muruvvat uyi”ning shiftini ko‘radi.
− Eh, burgutdek yoshlik birpasda o‘tdi-ketdi, − pichirlaydi Davlatmurod bobo.
 
2.

“Muruvvat uyi”da kechroq tong otadi.Davlatmurod bobo undan ham kech turadi. Uxlamaydi. O‘y o‘ylaydi. Eslaydi. Esi tiniq.Moskvani eslaydi. Moskvaning sovug‘ini eslaydi.
Kievni eslaydi. Kiev tutab yotadi.
Dneprni eslaydi. Dnepr odamning jasadiga to‘la bo‘ladi.
Varshavani eslaydi. Varshava vayron bo‘lib yotadi.
Berlinni eslaydi. Berlin huvillab yotadi.
Huvillagan uylarning biridan yugurib chiqqan bir nemis Davlatmurod boboning bo‘g‘ziga yopishadi. Davlatmurod boboni bug‘adi. Davlatmurod boboga nafas yetmay qoladi. Ammo nemisning qo‘llari birdaniga bo‘shashadi. Labining chetidan qon sizib chiqadi. Davlatmurod boboning xanjari o‘z ishini qiladi…
− Eh, enag‘ar nemis, umrimning zo‘r yillarini uvol qilding-a, − pichirlaydi Davlatmurod bobo.
 
3.

“Muruvvat uyi”ning soatlari sekin yuradi.Ammo nonushtasi kechikmaydi. Nonushtasi kambag‘alning tushligicha keladi. Sutli osh, saryog‘, qaymoq, suzma, qahva, shokolad, pechene, yumshoq non.
Yumshoq-ki, tishning keragi yo‘q…
Davlatmurod bobo urushdan keyingi yillarni eslaydi. Hamma narsasini urushga bergan odamlarga urush hech narsa bermaganini eslaydi. Odamlar non topolmay, zog‘ora yeganini eslaydi, kunjara yeganini eslaydi.
Davlatmurod bobo odamlar yo‘ng‘ichqa yeb, shishib o‘lganini eslaydi.
Davlatmurod bobo odamlar devorlarning tagida o‘tirib, ochlikdan o‘lib qolganini eslaydi.
Davlatmurod bobo Zarbuvisi zog‘or yopganini eslaydi. Zarbuvisi ko‘moch qilganini eslaydi.
Davlatmurod bobo Zarbuvisi hali Nasimining, hali Jovlisining og‘ziga non tutgani, ammo o‘zi og‘ziga ushoq solmaganini eslaydi.
Davlatmurod bobo o‘zi majburlab, Zarbuvisiga bir burda zog‘ora yedirganini eslaydi.
Ana shunda Zarbuvisi bir kulib qo‘yganini eslaydi.
Davlatmurod bobo o‘rnidan turib ketadi.
− Eh, Zarbuvi, nimaga unday qilding? – pichirlaydi Davlatmurod bobo. – Mendan oldin o‘lmagin, deb edim-ku?
 
4.

“Muruvvat uyi”da kun o‘tishi qiyin.Davlatmurod bobo odamlarga aralashavermaydi. Odamlarning gapi yoqmaydi. Hali to‘qsonga bormagan “tirmizaklar” siyosatdan gaplashadi.
− Nimaga hamma borgan Moskvadagi paradga O‘zbekiston bormadi?
Davlatmurod bobo yuzga kirdi. Bu “yoshlar”ning oldida siporoq turgisi keladi.
− Siyosatga aralashmanglar, siyosatning egasi bor, kattalar bir ish qilsa, bilib qiladi, − deydi-yu, xonasiga kirib ketadi.
Davlatmurod bobo xonasiga kirib, o‘ngiga yonboshlaydi. Yonboshlab, o‘y suradi. O‘yining oxiri bo‘lmaydi.
Nasimi siyosatga aralashdi. Deputat bo‘ldi. Katta bo‘ldi. “Urug‘imizdan katta chiqmagan, qo‘y shu ishingni”, degan Davlatmurod boboga quloq solmadi.
Nasimini kattalik mayib qildi.
Qishloqqa qaytib kelib, ko‘kragini zaxga berib, qirq kun yotdi. Kattalarning birovi ham so‘rab kelmadi.
Nurmat piyon so‘rab keldi. Nasimiga shu Nurmat piyon do‘st bo‘ldi. Nasimiga shu Nurmat piyon dushman bo‘ldi. Nasimi Nurmat piyonga qo‘shilib, Nasim piyon bo‘ldi.
− Eh, ulim-a, ulim-a, kimlarga tortding-a? – Davlatmurod bobo chapiga yonboshlaydi. – Urug‘imizda bunday ichgich yo‘q edi-ku?

5.

“Muruvvat uyi”ning shomi uzoq.Har peshin bir homiy kelsa, har shom bir tomosha keladi.Goh teatr qo‘yib berishsa, goh kino ko‘rsatishadi. Xudoning bergan kuni qaysidir artist konsert beradi.
Davlatmurod boboga endigi ashulachilar yoqmaydi.
Davlatmurod boboga yoqadigan qo‘shiqchilar o‘tib ketdi.
Davlatmurod bobo sekin turib, xonasiga yo‘l oladi.
− Davlatmurod bobo, siz ham boshqalarga o‘xshab qo‘shiq eshiting, raqsga tushing, mana, qancha momolar bor, birontasini raqsga torting-da bunday, − degan direktor Said akaning gapiga parvo qilmaydi.
− Biz o‘ynab bo‘ldik, ulim, − deydi. – Momolaringni tortishga yetadigan kuch yo‘q endi.
Davlatmurod boboga o‘zining xonasi bir olam, bir dunyo. Shu xonada o‘zining “kinosini ko‘rib” o‘tiradi. Bu oqshom qizlarining “kinosini ko‘radi”.
Diloromi tug‘ilganda bir sevingan edi, Gulorosi tug‘ilganda ikki sevingan edi.
Zarbuvisi ham Diloromni uzatganda bir kuchangan edi, Gulorosini uzatganda ikki zo‘riqqan edi.
− Kuyov ham o‘g‘il bo‘ladi, − degan edi Zarbuvisi.
Ikki kuyov ikki yov bo‘ldi. Ikki qiz Zarbuvisi “ana ketdi, mana ketdi” bo‘lib yotganida bir keldi, ketganida bir keldi.
Ikki qiz Davlatmurod boboning holidan bir xabar olmadi. Ikki yov qo‘ymadi ularni.
Ikki qiz “Muruvvat uyi”ga navbati bilan keladi: bir G‘alaba kuni bittasi, keyingisida ikkinchisi.
Ikki qizdan birovi “Yuring, ota, bu yerda yotmang, uyat bo‘ladi”, demaydi. Ikki yov qo‘ymaydi.
Ikki kuyovi ham katta. Kattalar uyida yuzdan oshgan qaynatani saqlamaydi. Uyaladi.
− Eh, qizlarim, qizlarim-a, enangga tortmadilaring, − pichirlaydi Davlatmurod bobo. – Ikkovingdan biroving ham…

6.

“Muruvvat uyi”ning kechalari olis.Olis kechalarda Davlatmurod bobo olis-olis xotiralarni yodga oladi.
Hamma xotiralarini Nasimining hunarlari yuvib ketadi.
Nasimi ichishga pul topolmasa, Davlatmurod boboning oldiga keladi.
Avvallari so‘rab olardi, keyin so‘rab o‘tirmaydigan bo‘ldi. Pulning joyini bilsa, otasi yo‘q demasa, so‘rab nima qiladi. Qo‘lini tiqib, keragicha olib ketaveradigan bo‘ldi.
Nasimi keyinroq boshqa hunar chiqardi, qo‘lini tiqib, qo‘l tiqqan joyini quritib ketadigan bo‘ldi.
Davlatmurod bobo saksondan oshganida pulini berkitadigan bo‘ldi.
Nasimining tiqqan qo‘li quruq chiqdigan bo‘ldi. Nasimi quruq qo‘l bilan uydan chiqqisi kelmadi. Nasimi Davlatmurod boboning yoqasidan oldi:
− Pul ber, boboy, pul! Bunday past ketma, boboy, pulni yashirma!
− Unday demang, Nasimboy, unday demang, − senlagan o‘g‘ilni sizladi Davlatmurod bobo. – Pulni yashirmadim. Pul bo‘lsa, sizdan yashirarmidim?
− Davlat veteranga otning kallasiday pensiya beradi, boboy, aldama, puldan cho‘z!
− Pul tugab qolibdi-da, Nasimboy, pul tugab qolibdi.
− Mana, pul tugagan bo‘lsa!
Nasimi Davlatmurod boboning ko‘kragiga kalla qo‘ydi.
Davlatmurod bobo chalqanchasiga yiqildi.
Davlatmurod bobo o‘ziga kelganida Nasimi allaqachon ko‘chaga chiqib ketgan edi.
Keyingi safar Nasimi Davlatmurod boboning soqolidan tutamlab, pul so‘radi. Rostdan ham puli qolmagan Davlatmurod bobo pul bera olmadi. Yuziga musht tushdi. Ko‘zining osti ko‘kardi.
− Yiqilib tushdim-da, yiqilib tushdim, − dedi Davlatmurod bobo ajablangan mahallaqo‘mga. – Qarilik qursin.
Hali o‘ng beti bilan, hali chap beti bilan yiqilib tushaverib, Davlatmurod boboning mudom ko‘zi ko‘karib yurishiga shubhalandi mahallaqo‘m. Poylaydigan bo‘ldi. Poylagan ushlaydi.
− Qo‘ling sinsin! Qo‘ling akashak bo‘lsin! – so‘kdi Nasimni. – Davlatmurod bobo mening otam bo‘lganida yelkamdan pastga tushirmay, ko‘tarib yurgan bo‘lardim. Axir, … axir otang urush qatnashchisi, geroy-ku, nomard! Hah, qarab tur sen!
Nasimi qarab turdi. Mahallaqo‘m Davlatmurod boboni “Muruvvat uyi”ga topshirib keldi.
− O‘g‘li kelsa, kiritmang, otasini ko‘rmasin, − deb tayinlab keldi direktoriga.
Mahallaqo‘m Davlatmurod boboni qaerga qo‘yib kelganini birovga aytmadi, o‘zi oyda bir kelib turdi.
Ikki yil deganda qizlariga aytdi. Ikki yil deganda Davlatmurod boboni ko‘rgani katta qizi keldi. Keyingi yil kichkinasi…
− Eh, Nasim-a, Nasimjonim-a, kimlarga o‘xshading-a, bolam? – ingradi Davlatmurod bobo. – Men otamni norozi qilmagan edim-ku?

7.

“Muruvvat uyi”ning quyoshi kech chiqadi.Bugun ertaroq chiqibdi.− Bobojon, direktorning kabinetiga borar ekansiz, chaqirayaptilar, − dedi mehribon hamshira Nasiba. – Qizingiz bilan kuyovingiz kepti, sizni olib ketar emish, suyunchi bering!
− Qizim? Kuyovim? – ajablandi Davlatmurod bobo. – Nahotki? Yigirma yil deganda-ya?
Davlatmurod bobo direktorning kabinetiga yaqinlashdi. Ichkaridan eshitilayotgan kuyovining ovozini tanidi:
− Endi, gapni ko‘p qilmang, Said aka, ikki million so‘m ko‘chada yotmaydi. Davlat bu yil otamizga ikki million berayapti, kelasi yil o‘n million bersa ham ajab emas. Qolaversa, navbatsiz yengil mashina olishi mumkin degan joyidan foydalanib, bittagina “Kaptiva” olsak degan niyatimiz bor. Otamizning sharofati bilan biz kambag‘allar ham “Kaptiva”li bo‘lib qolaylik. Juda qo‘ymasangiz, bayramlar o‘tgandan keyin keltirib qo‘yarmiz yana.
Davlatmurod bobo sekin xonasiga qaytdi.
− Ha, Davlatmurod bobo, nega qaytib keldingiz?
− Narsalarimni yig‘ishtirib ber, qizim. Devordagi momongning surati esingdan chiqmasin, − choponini kiydi Davlatmurod bobo. – Borsam boray, bir kambag‘al “Koptuvak”li bo‘lsa bo‘lsin. Qizim ham minar-ku…
Karimberdi To'ramurod
шаблоны для dle 11.2
Оставить комментарий
иконка
Посетители, находящиеся в группе Mehmonlar, не могут оставлять комментарии к данной публикации.

Andijon davlat universiteti



170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar, Universitet ko'chasi 129- uy


E-pochta:agsu_info@edu.uz

Telefon: 0 (374) 223 88 30

Faks: 0 (374) 223 88 30

Transport: 75- yo'nalishdagi taksilar

Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14

Virtual qabulxona: http://rektor.adu.uz
������� ��� DLE���������
Xozir saytni 5 kishi o'qiyabdi. Shundan: sayt foydalanuvchilari 0 ta, mehmonlar 5 ta