Shaxsiy kabinet все шаблоны для dle на сайте newtemplates.ru скачать
Sayt xaritasi Ta'lim axborot tizimlari Davra.uz Moodle Davlat ramzlari
 
  • 16:29 – BIZ – YOSHLAR DINIY EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHIMIZ 
  • 16:58 – KITOBXONLAR BAYRAMI 
  • 17:16 – OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA O‘QISHGA QABUL QILISH, TALABALAR O‘QISHINI KO‘CHIRISH, QAYTA TIKLASH VA O‘QISHDAN CHETLASHTIRISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASH HAQIDA 
  • 14:36 – FUQAROLIK PASPORTLARI TOPSHIRILDI 

SHAXS TARBIYASIDA KITOB MUTOLAASINING O`RNI

  • 17.05.2017
  • 0
Tarbiya – bu insonning insoniyligini ta`minlaydigan eng asosiy qadriyatdir. Shu sababdan, azaldan ota-bobolarimiz farzand tarbiyasiga asosiy e`tiborini qaratib kelgan.

Shaxsning yaxshi tarbiya ko`rib, kamol topishida esa kitob mutolaasining o`rni beqiyos. “Madaniyatli kishini tarbiyalashda, ayniqsa, ikki kuchning: san`at va fanning ahamiyati katta. Bu ikkala kuch kitobda jamlangan”, deb aytganda Maksim Gorkiy qanchalar haq bo`lgan.

Darhaqiqat, kitoblar zamon to`lqinlarida suzuvchi va o`zining qimmatbaho yukini avlodlardan-avlodlarga avaylab eltuvchi tafakkur kemalaridir. Uning har bir sahifasi olam-olam ma`no tashiydi. Qalbingiz to`rida mudrab yotgan tuyg`ularni junbushga keltiradi. Bir donishmand aytgan ekan: “Ko`mir yona turib, kitob esa mutolaa qilingandagina senga harorat beradi” deb. Chindan ham, mutolaa payti inson tafakkuri cheksizlik bag`riga sayohat qiladi-da, qandaydir sirli ravishda kitob bilan uzilmas aloqa o`rnatadi. Aynan shu sababdan, kitobxon asarning ichida yashaydi, qahramonlar tortgan ruhiy azoblar-u. erishgan shodliklariga sherik bo`ladi, xullas, butun vujudi bilan kitobga sho`ng`iydi. Kitobni o`qib, haqiqiy zavq olasiz, hayot atalmish dengiz qa`riga yashiringan ma`no marvaridlarini terasiz, qalbingizning tub-tubida ildiz otayotgan xudbinligu johillikka bolta urasiz, bo`sh kavaklarni esa insoniy fazilatlar bilan to`ldirasiz.

Kitobga muxabbat, mutolaaga e`tibor, eng avvalo, oilada shakllanadi. Kitobga chuqur hurmat bilan qaraydigan oila muhitida voyaga yetgan farzand ham unga mehr qo`yadi. Aynan bolalik paytida o`qilgan kitoblar inson xotirasida abadiy muhrlanadi, endi kurtak ochayotgan kitobga mehr tuyg`usi qiyg`os gullaydi. Balki shu sababdan ham, “Sariq devni minib” dan “Alvido, bolalik” gacha, “O`tkan kunlar”dan “Farg`ona tong otguncha” ga qadar, barchasi xotiramning, qo`yingki, qalbimning eng to`riga joylangandir...

Biroq, hozirda – kundan-kun rivojlanayotgan texnologiya davrida yoshlarning kitobga bee`tibor bo`lib borayotganligi- dolzarb masalalardan biriga aylandi.

Xo`sh, yoshlar nega kitob o`qimay qo`ydi? Kim bunda aybdor? Ko`zini chirt yumib, “buni menga nima daxli bor?” qabilidagi bema`ni fikrlar sang`iyotgan miyalarni adab to`qmog`i bilan siylab, ayta olamizki, ma`naviy qashshoqlikka yuz burayotgan yoshlar orasida siz, men va bizlar ham, bizning farzandlarimiz ham bo`lishi mumkin!

Bu-o`qituvchi va murabbiylarning ishi, deydiganlar esa yanada qattiq yanglishadi. Uyda kitob qo`lga olmagan bolaning o`quv dargohlarida qanday o`qishini tasavvur qilish amrimahol. O`qituvchi bolalarda mavjud kitobga mehr tuyg`usini shakllantiradi, xolos. Shuning uchun ham, ota-onalar farzandning ma`naviy kamolotga erishishida asosiy rol o`ynaydi.

Biroq, masalaning boshqa tomoni ham bor: agar ota-onaning o`zi kitob o`qimasa-chi? Mana bu- endi ancha dolzarb muammo. Yaqinda shunga doir bir voqeaning guvohi bo`ldim. Bir tanish ayol bilan tasodifan ko`rishib qoldik. Hol-ahvol so`rab bo`lgach, nimalar bilan bandligimiz haqida bir-birimizga gapirib berdik. Men filologiya fakultetida o`qiyotganimni aytdim. “E, xudoga shukr, -dedi u birdan chehrasi yorishib,- aynan siz kerak edingiz-da. Sizlarda “O`tkan kunlar” asarini o`qiganlar bormi?” Dovdirab qoldim (umrimda bunday g`alati savol eshitmagandim) “Tushunmadim?”- bergan javobim shu bo`ldi. “Qizimga o`qituvchisi shu kitobdan rol beribdi. Yaxshilab tayyorlanish uchun asar bilan tanishib, kerak bo`lsa, o`qib chiqinglar, deb tayinlabdi. Uyga kelib, “aya, aytib bering shu asarni”, deydi-da! Obbo, nima balo kitob ekan u endi, bilmadim. Sizni ko`rganim yaxshi bo`ldi, shunga o`qigan tanishlaringiz bormi, deb so`rayotgandim”. Bamaylixotir aytgan gaplari menda qanday ayanch va hayrat hissini uyg`otganini so`z bilan ta`riflashga ojizman… menimcha, farzandining oldida mana shunday vaziyatga tushib qolish ota-ona uchun juda achinarli holat bo`lsa kerak. O`zbek romanchiligiga asos solgan Abdulla Qodiriydek buyuk yozuvchimizning katta-yu kichikka yod bo`lib ketgan (shu paytgacha, shunday hisoblardim!) asarini bilmaslik- bu fojea, bu uyat! Shu bois, avvalo, yoshlar kitob o`qimay qo`ydi, deb emas, ota-onalarni kitobga befarq, deb aytsak, to`g`ri bo`ladi. Zero, aynan ular tufayli farzandlarda qiziqish tuyg`usi paydo bo`ladi.

Lekin kitob o`qish kerak ekan deb, duch kelganini o`qib ketish ham noto`gri. Sababi, bugungi kunda xilma-xil mavzu yoritilayotgan kitoblar ichidan qay birini tanlash borasida kitobxon o`ylanib qoladi. Ulardan qaysi biri bizni ruhan oziqlantiradi-yu, qaysinisi behuda vaqtni oladi? Ha, ming taassufki, shunday asarlar ham bor. Shaxsan o`zim ham, ba`zi bir kitoblarni o`qib, vaqtimni bekor ketkazganimga achinaman. Chunki, shunday kitoblar borki, voqealar bitta syujet atrofida qayta-qayta aylanaveradi, oldinga siljish kuzatilmaydi, na kitobxonni o`yga toldiradi va na ruhan boyitadi. Boshqa birida esa tarjima g`aliz, yo so`zma-so`z qilingandek taassurot qoldiradi. Shuning uchun ham, yaxshi kitob tanlab, o`qiy olish yuksak did va mahorat talab etadi. Buyuk faylasuf Arastuning: “Muallifi faqat aytilishi lozim gaplarni lozim darajada ayta olgan kitoblargina yaxshi kitobdir” degan fikri bu borada to`g`ri aytilgan.

Endi, tanqidni bir chetga surib, chora ko`rish to`g`risida bosh qotiraylik. Xususan, prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyevning farmoyishini barcha joylarda tadbiq qilib, kitoblar sonini emas, kitobxonlar sonini oshirishga asosiy e`tibor qaratish joiz. Kutubxonalarga o`quvchilarni jalb etish, ularga lozim kitoblarni esa ma`lum muddatgacha o`qish uchun berish (sababi, hozirda ayrim kitoblargina uyga beriladi), kitob do`konlaridagi adabiyotlar narxini mumkin qadar kamaytirish – bajarilishi kutilayotgan vazifalardir. Biroq, eng asosiysi, yuqorida aytganimdek, oiladagi kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishdir.

Azizlar, umuman, hech qaysimiz kitob o`qishdan to`xtamaylik, ma`nan qashshoq bo`lishdan saqlanaylik! Zero, quyidagi so`zlar fikrimiz isbotidir:


Har ko`ngilning orzusi shul erur obi hayot,
Qadrini bilgan kishiga shubxasiz jondir kitob.
Hamza Hakimzoda Niyoziy

Fotima AKRAMOVA 
Filologiya fakulteti 2- bosqich talabasi
шаблоны для dle 11.2
Оставить комментарий
иконка
Посетители, находящиеся в группе Mehmonlar, не могут оставлять комментарии к данной публикации.

Andijon davlat universiteti



170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar, Universitet ko'chasi 129- uy


E-pochta:agsu_info@edu.uz

Telefon: 0 (374) 223 88 30

Faks: 0 (374) 223 88 30

Transport: 75- yo'nalishdagi taksilar

Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14

Virtual qabulxona: http://rektor.adu.uz
������� ��� DLE���������
Xozir saytni 4 kishi o'qiyabdi. Shundan: sayt foydalanuvchilari 0 ta, mehmonlar 4 ta