Shaxsiy kabinet все шаблоны для dle на сайте newtemplates.ru скачать
Sayt xaritasi Ta'lim axborot tizimlari Davra.uz Moodle Davlat ramzlari
 
  • 16:29 – BIZ – YOSHLAR DINIY EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHIMIZ 
  • 16:58 – KITOBXONLAR BAYRAMI 
  • 17:16 – OLIY TA’LIM MUASSASALARIGA O‘QISHGA QABUL QILISH, TALABALAR O‘QISHINI KO‘CHIRISH, QAYTA TIKLASH VA O‘QISHDAN CHETLASHTIRISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASH HAQIDA 
  • 14:36 – FUQAROLIK PASPORTLARI TOPSHIRILDI 

HAYOTDAY BARHAYOT

  • 16.05.2017
  • 0
Talak Jo'ra tavalludining 60 yilligiga

Yetmishinchi yillarni eslayman. Talakjon, hozir Siz jisman yonimda yo‘qsiz. Lekin doim yodimdasiz, yonimda turgandaysiz. Sizning jo‘shib so‘zlashingiz she’rlaringiz kabi jo‘shqin, qalbingiz kabi beg‘ubor. She’rlaringizni o‘zingizdan eshitishni yaxshi ko‘rardim. Ularning ohangi, maromi, jarangi baland tog‘lardan, toshlardan toshlarga urilib, borgan sari qudratli kuchga aylanib tushayotgan sharshara shovqinini, hamma yoqqa dag‘dag‘a qilib quturayotgan dovul haybatini, borgan sari avj olib, borgan sari kuchayib, hech kimga bo‘ysunmay, tinmay gurillayotgan bo‘ron qo‘shig‘ini eslatardi.O‘sha paytlar men Vl. Mayakovskiy she’riyatini ko‘proq yoqtirardim. She’riyatigina emas, uning hayot tarzi, mening tasavvurimdagi yurish-turishi, shiddatli va jarangli ovozi, hayqiriqlari, kundalik turmush mashmashalaridan noroziligi, rasmiyatchi amaldorlarga munosabati, qo‘rqmay, dangal gapirishi yoqardi. She’riyatdagi novatorligi, hech kim qo‘llamagan shakllarni yaratishi, yangidan-yangi so‘zlarni kashf etishi menga she’riyat olamidagi jasoratday tuyulardi. Ammo lekin, Siz ham undan qolishmaysiz. “O‘rtoq Mayakovskiy” deb nomlangan dramatik doston yozdingiz. Unda otashin shoir arvohi Sizga murojaat qilib: mansabparast arbob, laganbardor rahbar, shon-shuhratga intilgan olim kabi sharpalar va soyalar nahotki hali ham bor oralaringizda? – deb kuymanadi Mayakovskiy. – O‘rgimchakdek yerga o‘rmalamay / yonib ketmaydimi / unday sharpalar? // Agar yetmasa nafasingiz / ularning bo‘yniga / cho‘zing qo‘llarni // bo‘g‘ing / bo‘g‘ing! // deydi. Doston qahramoni Shoir Tilak Jo‘ra shunda Vladimir Mayakovskiyga javobida: “Qirsillatganday barmoqlarni / qirsillatib satrlarni / so‘kaman / itvachchalarni: / qorni to‘q / ust but bo‘lsa ham / bir-birin g‘ajib / aljib / qoningni so‘ruvchi bitvachchalarni, – degan edi. Mana shunday jamiyatimizda saqlanib qolayotgan g‘alamis “soya” va “sharpalar”ga nisbatan nafrat uyg‘otuvchi chaqiriq-she’rlar ta’siri-mi, bilmadim, 1966 yili Qarshi pedinstitutida o‘tkazilgan respublika oliy o‘quv yurtlari talabalarining ilmiy kengashi anjumanida ma’ruza qildim; balki shu mening keyingi ilmiy faoliyatimga turtki bergandir.

Aytmoqchimanki, ana shu paytdagi mening tasavvurimda o‘rnashib qolgan mayakovskiycha ehtirosni, Tilakjon, Sizning she’rlaringizda sezganday bo‘lardim. Chunki Siz ham goh unga o‘xshab, goh o‘zingiz ardoqlab, ko‘nglingizni qo‘ygan Nozim Hikmat, Lorka, Elyuar singari she’rlaringizda jarangli undosh tovushlarni ko‘p qo‘llar edingiz, she’rlarni o‘qiganingizda ham o‘sha tovushlarni kuchliroq urg‘ular edingiz. Lekin, baribir, Sizning o‘zingizgagina xos ehtiros olamingiz, Sizni boshqa tengdoshlaringizdan ajratib turadigan timsol yaratish mahoratingiz, she’riyatingizdagi nihoyatda o‘zbekona samimiylik, shirin hazil o‘quvchilaringizning qalbini yashnatar edi. Qaysi bir she’ringizda keksa buvi – muhtarama onangiz (Ashir Momo bo‘lsalar kerak) – joylari jannatda bo‘lsin – nabirasi – qizingiz (Shoira yoki kenjatoyingiz Nozim bo‘lsa kerak) beshigi ustida alla aytadi va bug‘doyzorda shamoldan yengil daryoday to‘lqinlanayotgan bug‘doy boshoqlari kabi bir maromda beshik tebratadi. Ashir Momoning yonida o‘tirgan boshqa nabirasi esa (bu Nodira bo‘lsa kerak) – u o‘z holiga: u ham qo‘g‘irchog‘ini uxlataman deb uymanadi. Uning allasi ham bolalarcha nozik, shirin, ta’sirchan. Boshqa she’ringizda behad paxta dalalarini cheksiz osmonga, oppoq paxtalarni esa osmondagi porloq yulduzlarga o‘xshatasiz.

Birinchi “Rayhon” she’rlar to‘plamingiz chiqqandayoq Moskvada chop etiladigan eng obro‘li jurnallardan bo‘lgan “Literaturnoe obozrenie” Sizning nomingizni butun dunyoga yoygan (chunki jurnal butun dunyoga tarqlardi). Xalqimizning milliy o‘ziga xosligi o‘shanda xushbo‘y rayhon hididay hammaga ta’sir etgan. Rostdan ham, yurtimiz xalqi hayotining bu bir bezagi. O‘zbeklarda rayxon o‘smagan hovli bo‘lmaydi. Uning muattar hidini ardoqlamagan odamning ham o‘zi yo‘q. Xatto chumchuqlar ham rayhonning barra nihollarini cho‘qilashib, o‘zgacha sevishadi. Ko‘ryapsizmi, mana shu sevgi boshqa millat vakillarining ham qalbiga cho‘g‘ soldi.

Vitaliy Karashchuk (u hozir universitetimiz dotsenti, iqtidorli shoir va tarjimon), Oleg Kuzin kabi aspirantlar (u ham dotsent) yodingizda bo‘lsa kerak. Talabalar shaharchasidagi “Aspirantlar uyi”da tez-tez o‘zimiz kichik davrada she’rxonliklar uyushtirardik. Vitaliy Aleksandrovich Sizning “Bedana” she’ringizgi yoqtirib qolib, rus tiliga ham tarjima qilgan edi. Haqiqatan ham bu she’r betakror lirik ohanglarda jaranglagan. Kechki salqin oqshom pallasi. Qaerdadir, devor ortida, bedana xonish qiladi. Uyda ikkita ayol bo‘lsa, ularning har biri bedana xonishini o‘zicha talqin qiladi. Kampir o‘tib ketgan cholini eslaydi: Sayroqidir buncha ham / cholimning tullagidek / koshki bo‘lsa cholginam / tongda qurib u tuzoq / qurmag‘urni ushlardi / men berardim don, ushoq / sayrab ko‘nglim xushlardi... deydi. Qizga esa “bedana”ning sayroqi juda-juda tanish: bedana – uning suyuklisi, qizni vasliga zor-intizor “bedazorda “bedana” / bo‘lib-bo‘lib sayraydi. Qiz ham betoqat. Tezroq holvaytar pishsayu onasi uyga kirib ketsa. Qo‘ylarga pichan solib kelay degan bahona bilan “bulbuli”ning yoniga chiqa qolsa.

Do‘stim Tilakjon, she’rlaringizda uni jozibali qilish uchun atayin tanlangan jimjimador so‘z yoki yarq etib ko‘zga tashlanadigan timsol yo‘q. Ularda yoshlik shijoati, beg‘ubor poklik mujassam. Sizning she’riyat olamingizda yomonlikka aslo o‘rin yo‘q. Hamma narsani birday sevib yashadingiz: Orifning beshigiga suyangan onangizning qari umidlarini sevardingiz, qishloq qizining iboli-iffatli qarashini sevardingiz, Buxoro dashtida, zangor olov taftida yuragidan dunyoga, dildan dilga mehr ko‘chirgan fidokor tengdoshining qumdagi izlarini sevardingiz, qizchaning qo‘g‘irchoqqa alla aytishini, yomg‘irning yog‘ishini, qo‘shni ayolning sigir sog‘ishini, daryoning mavjini, xatto ilonning chipor rangini sevardingiz, o‘zingizning o‘zligingizni, bulutlarning qutbligini, xayollarning sukutligini, dunyoning dunyoligini sevardingiz. G‘am-alamlarga to‘la nozik, avaylashingiz kerak bo‘lgan yuragingiz qanday sig‘dirdi ekan shuncha teran muhabbatlarni!?

Aziz do‘stim, Sizni ko‘p o‘ylayman, ba’zan tushlarimga kirasiz. Yuragingiz xurujini eslasam, etim junjikib ketadi. Ana shunda Tangri taologa murojaat qilib, “shu pok, begunoh g‘aribing, benazir bandangning umrini uzoq qilsang, bola chaqalarining orzu-havaslarini ko‘rishni unga nasib etsang bo‘lmasmidi?” deyman-da, oilasi va farzandlariga sabr-toqat tilayman, ulardan otasining ruhini shod etib, doim duoyi-fotihada bo‘lishlarini so‘rab qolaman.

Tilakjon, men odamlarga, farzandlaringizga Sizning katta shoir bo‘lganligingizni doim eslatib turaman.

Hamma she’rlaringizdagi obrazlar ham, timsollarni ifodalagan so‘zlar ham o‘zingizdek samimiy, benihoya tabiiy, ko‘rkam. Ularga ishonmay bo‘lmaydi. Chunki Siz o‘zingiz shundaysiz-da! Sizning yurish-turishingizda ham, hazil-mutoyibalaringizda ham, talabalar davrasida ham o‘zingizni nihoyatda beg‘ubor va kamtar tutishingiz – Sizning birovlarda uchramaydigan fazilatingiz.

Xushchaqchaqligingiz-chi? Men juda yaxshi bilaman: Sizning Sog‘bondagi “ikki qavatli” do‘ppiday tor “koshona”ngizda ko‘p bo‘lganman. Bu yerda hech mehmon arimas edi, u yerda talaba jiyanlaringizga ham, bizga o‘xshagan vodiydan kelganlarga boshpana topilardi. Shinam mehmonxona va yotoqxonalardan Sizning, buyuk ustozimiz G‘aybulla Salomov (oxirati obod, joylari jannatda bo‘lsin!) ta’riflaganlaridek, boshingiz tepasida bir parchagina osmon zo‘rg‘a ko‘rinib turadigan farishtalik kulbangizni afzal ko‘rardik. O‘sha paytlarda qanchalik miskin, bechorahol bo‘lmaylik, Sizning qaynoq hayotga muhabbatingiz, ezgu orzu-umidlaringiz bizga shifo baxsh etardi. Qiziq-qiziq hangomalar aytib yoki eslab shunday yayrab kulardingiz-ki, atrofingizdagilar ham ko‘nglidagi g‘uborlaridan holi bo‘lardilar.

Esingizdami, “Yurak” she’ringizda uni Vatanga qiyoslab, “bu yorug‘ dunyoda / alamlar berkinar / armonlar berkinar / darmonlar berkinar /sen Vatansan bariga.// Axir, Vatan qanday berkinar? // Ko‘p ham berkinma mening Vatanim // degan edingiz. Buni men alohida ta’kidlab, bu faqat Tilak Jo‘ra she’riyatining o‘ziga xos xususiyati, Tilak Jo‘ra uslubining bir qirrasi degim keladi.

1970-1980-yillarda, undan ham oldin o‘zbek adabiyotida modernizm degan she’riy oqim paydo bo‘ldi. Modernizm uhida yozish Siz kabi yoshlar o‘rtasida ko‘p urf bo‘ldi. O‘sha paytlarda ular xali ilmiy o‘rganilmagan, tajribalar ommalashtirilmagan ham edi. Hozir o‘sha davr she’riyatiga yana bir nazar solsak, Siz, Rauf Parfi, Miraziz A’zam, Shavkat Rahmon, keyinroq Abduvali Qutbiddin, Faxriyor, Bahrom Ro‘zimuhammad, Jabbor Eshonqul kabi “modern”chilar bu sohaga ancha salmoqdor hissa qo‘shganliklari va qo‘shayotganliklari ma’lum bo‘lyapti.

Sizlar Garsia Lorka, Pol Elyuar, Jeyms Joys, Nozim Hikmat, Urxon Vali, Melix Javdat Onday, O‘ktoy Rifat, Fozil Hyusnyu Dog‘larja, Rifat Ilgiz, Nevzat Ustyun modern she’riyatini o‘zbek tiliga o‘girib, o‘zlaringiz ham, balki tarjimalaringiz ta’sirida ham, barmoqdan o‘zgacha, ixcham, ammo ijtimoiy ma’noga boy eng zamonaviy, modern asarlar yarata boshladinglar. Sizlar mumtoz aruz va barmoq she’riy tizimlari doirasiga sig‘may qoldinglar. Gaplaringiz shuncha ko‘p, ehtiroslaringiz shunday kuchli, jo‘shqinligingiz shunday sarbaland edi-ki, “So‘zga ipakdan ko‘ylaklar kiygazish” (Cho‘lpon) uchun, sizlarga erkinlik (ya’ni erkin vazn, sarbast) kerak bo‘lib qoldi. Sizlarga vaznsizlik kerak bo‘lib qoldi. Xuddi oz so‘z bilan ko‘p ma’no ifodalash yo‘lida tinish belgilar she’ringiz maromiga halaqit berayotganday, sizlar ulardan ham voz kechdingiz. Bir hisobda to‘g‘ri qilgansiz. Chunki “Shamoldan cho‘chigan kapalak”, “Minora”, “Seni sog‘inib”, “Kun “, “Sen baxtli bo‘lishing uchun”, “Umid” va boshqa she’rlaringizni barmoq vaznida yozganingizda salmoqli dostonlarga aylanib ketardi. “Rayxon”, “Olam ostonasi”, “Yulduzlar tabassumi”, “Chorrahadagi uy”, “Sanduvoch”, “Ruhiyat” she’riy to‘plamlaringiz, “Hozirgi turk she’riyati”, “Nozim hikmat va O‘zbekiston” risolalaringiz she’riyat shaydolari va she’rshunos olimlar ijodxonasini boyitgan, deb o‘ylayman.

Do‘stlaringiz Siz haqingizda shunday deyishyapti:


Hurshid Davron:

«O‘zbek adabiyotini avvalan o‘zbeklarning o‘zi bilganda, idrok etganda, Tilak Jo‘raday shoirlari borligini, uning she’rlarini yuragida his eta bilgandagina bu adabiyot dunyoga chiqadi»


Muhammad Yusuf:
U xo‘p deydi, demas: «Menga ham kerak»,
Ishonmasang, borib o‘zidan so‘ra.
Joningni prokatga ber desang,
Tilak Ikki qo‘llab tutar: Marhamat, jo‘ra.

Men uni tugilmay turib bilardim,
Murgak chog jannatda yuzin ko‘rganman.
Tegirmonchilikni orzu qilardim,
Unga havas qilib shoir bo‘lganman.

Abul A’lo al-Ma’arriy “Kechirim so‘rab yozilgan noma” degan nasriy asarida Alloh taolo kechirgan shoir bandalarini jannatga joylagan. Siz ham o‘sha shoirlar ichidaligingizga imonim komil.

Дом аспирантов, комнатка, как келья,
Здесь тайны Слова мы пытались разгадать.
Поэт Тиляк Джура, стихи, бутылка с зельем,
И спор до хрипоты – всем важно доказать.

Чем ценен переводчик Лев Пеньковский,
Семантики вопросы… Не до сна!
Мы молоды, мы счастливы чертовски,
Что делаем науку, – и в душе весна!

Домла Салямов принимал нас дома
И пловом ароматным угощал.
Лемар Лукич – его мы звали Лёма –
За чашкой чая лекции читал.

Komiljon JO'RAYEV
Filologiya fanlari doktori, professor
шаблоны для dle 11.2
Оставить комментарий
иконка
Посетители, находящиеся в группе Mehmonlar, не могут оставлять комментарии к данной публикации.

Andijon davlat universiteti



170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar, Universitet ko'chasi 129- uy


E-pochta:agsu_info@edu.uz

Telefon: 0 (374) 223 88 30

Faks: 0 (374) 223 88 30

Transport: 75- yo'nalishdagi taksilar

Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14

Virtual qabulxona: http://rektor.adu.uz
������� ��� DLE���������
Xozir saytni 5 kishi o'qiyabdi. Shundan: sayt foydalanuvchilari 0 ta, mehmonlar 5 ta