0(374)223 88 14
     
  A   A   A   A   A   RASMSIZ  

Nizom




Universitet nizomi
I. Umumiy qoidalar

  1. Andijon davlat universiteti(keyingi o‘rinlarda matnda – universitet  deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 28 fevraldagi PF-365-son «Respublikaning yangi oliy o‘quv yurtlarini tashkil qilish to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Andijon davlat pedagogika instituti negizida tashkil qilingan va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tashkiliy tuzilmasiga kiritilgan.Universitet ta’lim faoliyati bilan 1939 yildan e’tiboran shug‘ullanib kelmoqda.
  2. Universitet davlat oliy ta’lim muassasasi xisoblanib, oliy ta’limning asosiy va qo‘shimcha (yoki faqat asosiy) ta’lim Dasturlarini bajarish bo‘yicha ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanadi, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq o‘quv-pedagogik va ilmiy-metodik, shuningdek boshqa faoliyatni amalga oshiradi hamda ta’lim xizmatlarini ko‘rsatadi.
  3. Universitet o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni, Kadrlar tayorlash milliy dasturi, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining normativ-huquqiy xujjatlari va ko‘rsatmalari, shuningdek mazkur Ustavga amal qiladi.
  4. Universitet yuridik shaxs hisoblanadi. Operativ boshqaruvida o‘ziga xos mol-mulkka ega va ushbu mol-mulk bo‘yicha o‘z majburiyatlariga muvofiq javob beradi, o‘z nomidan mol-mulk sotib olishi va mulkiy hamda nomulkiy huquqlarni amalga oshirish, zimmasiga majburiyat olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
Mustaqil balansga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa, shu jumladan, valyuta bo‘yicha hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtamplar va boshqa rekvizitlarga ega.
Universitet joylashgan manzil: 170100 O‘zbekiston Respublikasi, Andijon shahar, Universitet ko‘chasi, 129-uy.
Universitetning rasmiy to‘liq va qisqa nomi:
davlat tilida: Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti (AndDU);
rus tilida: Andijanskiy gosudarstvennûy universitet imeni Zaxiriddin Muxammad Babura (AndGU);
ingliz tilida: Andizhan state university named after Zakhiridin Mukhammad Babur (AndSU).

II.Universitetning asosiy vazifalari

2.1. Universitetning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
  • zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsion texnologiyalarni qo‘llash asosida bozor iqtisodiyoti talablariga mos raqobatbardosh, yuqori malakali kadrlar tayyorlash;
  • shaxsning intellektual, madaniy va ma’naviy - ahloqiy kamol topishiga bo‘lgan ehtiyojlarini oliy ta’lim va oliy ta’limdan keyingi ma’lumot olishi orqali erishishni qondirish;
  • har tomonlama rivojlangan va sodiq shaxsni, mustaqil davlat fuqarosini, o‘z Vatani fidoyisi, xalq, jamiyat va oila oldidagi o‘z mas’uliyatini his qiluvchi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qiluvchi, halq an’analarini boyituvchi va mustahkamlovchi, Vatanimiz kelajagi uchun vijdonan va halol mehnat qiluvchi etib shakllantirish;
  • ilmiy-pedagogik xodimlar va ta’lim oluvchilarning tadqiqotlari va ijodiy faoliyatlari orqali fanni taraqqiy ettirish, olingan natijalardan ta’lim va iqtisodiy islohatlar jarayonlarida foydalanish;
  • iqtisodiyotning muvofiq sohalaridagi oliy ma’lumotli mutaxassislarni, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari ilmiy - pedagogik kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • jamiyatning ahloqiy, madaniy va ilmiy qadriyatlarini saqlash va boyitish;
  • aholi o‘rtasida bilimlarni tarqatish, uning ma’naviy-ma’rifiy va madaniy darajasini oshirish;
  • byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lardan oqilona foydalanish asosida o‘quv va ilmiy-tadqiqotlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish;
  • talabalar va xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, ularga moddiy yordam ko‘rsatish va  universitetning oziq-ovqatlar zahirasidan keng foydalangan holda ularning sog‘lom ovqatlanishini o‘rnatilgan tartibda tashkil etish.
III. O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlarning sub’ektlari, ularning huquq va majburiyatlari

 a) Talabalar:
3.1. Universitet rektorining buyrug‘i bilan o‘qishga qabul qilingan shaxs universitetning talabasi hisoblanadi. Talabaga talabalik guvohnomasi  hamda reyting daftarchasi bepul beriladi.
Universitetning qonunchilikda belgilangan tartibda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy (ikkinchi va keyingi ta’lim) ma’lumotiga ega bo‘lgan shaxslar arizalariga binoan  O‘zbekiston Respublikasi  oliy ta’lim muassasalariga talabalarni qabul qilish tartibi va qoidalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plangan ballarning reyting tizimi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Oliy ta’lim muassasalariga qabul barcha shaxslar uchun  (ham grantlar, ham to‘lov-kontrakt bo‘yicha) teng huquqlilik,  yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshirilib, test sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abiturientlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi. Qolgan abiturientlar test ballari reytingi asosida belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida qabul qilinish huquqiga egadirlar. Qonunchilikka muvofiq test sinovlarisiz muayyan imtiyoz asosida ham o‘qishga qabul qilish kafolatlanadi.

3.2. Universitetning talabalari quyidagi huquqlarga ega:

  • fan, texnika, zamonaviy texnologiyalar yutuqlariga mos keluvchi bilimlar olish;
  • oliy ta’lim muassasasi axborot resurs markazida mavjud bo‘lgan kitoblar, davriy nashrlar, elektron ta’lim vositalaridan belgilangan tartibda bepul foydalanish;
  • bepul maslahatlar va yo‘l-yo‘riqlar olish;
  • auditoriyalar, ta’lim jarayoniga oid o‘quv texnik vositalardan o‘rnatilgan tartibda bepul foydalanish;
  • ta’lim jarayoni samaradorligi va ta’lim sifatini oshirish yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini, tanqidiy fikrlarini belgilangan tartibda ta’lim muassasasi, dekanat va kafedra raxbariyatiga  bildirish va ularni ko‘rib chiqilishini talab qilish;
  • oliy ta’lim muassasasi va fakultet miqyosida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlarida ishtirok etish;
  • ilmiy tadqiqot ishlarida va ilmiy konferensiyalarda o‘rnatilgan tartibda faol qatnashish;
  • oliy ta’lim muassasasida qonuniy ravishda faoliyat yuritayotgan jamoat birlashmalariga a’zo bo‘lish;
  • o‘qishdan tashqari vaqtlarda ma’naviy-ma’rifiy, ta’mirlash, qurilish, ko‘kalamzorlashtirish, qishloq xo‘jalik va boshqa jamoat mehnatlarda, qonunchilikka zid bo‘lmagan ishlarda ishtirok etish.
Talaba sifatli va yuqori saviyada bilim olishi, tanlagan ixtisosligi bo‘yicha yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishish uchun zarur bo‘lgan qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa huquqlardan foydalanishga haqlidir.Talaba o‘z huquqlarini suiste’mol qilmasligi, bu huquqlardan o‘zga shaxslar manfaatiga zid maqsadlarda foydalanmasligi shart.
3.3. Davlat grantlari va to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishning ishlab chiqarishdan ajralgan holdagi shaklida ta’lim olayotgan talabalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib va miqdorda stipendiya bilan ta’minlanadilar.Talabalar tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyasi va Beruniy, Ibn Sino, Navoiy va Ulug‘bek nomidagi Davlat stipendiyalari, shuningdek, o‘qishga yo‘llagan yuridik va jismoniy shaxslar tayinlagan stipendiyalarni olish huquqiga  ega.
3.4. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq kunduzgi o‘quv shaklida ta’lim olayotgan talabalarga oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan vaqti davomida harbiy xizmatga chaqirish muddatini kechiktirish imkoni beriladi.
3.5. Oliy ta’lim muassasasining Talabalar turar joyiga muhtoj talabalar oliy ta’lim muassasasining talabalar turar joylaridan sanitariya me’yorlari va qoidalariga javob beradigan joy bilan ta’minlanadi. Talabalar turar joylarida to‘laydigan to‘lovlarning hajmi kommunal-maishiy xizmatlar uchun to‘lovlarni inobatga olib, oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilanadi. Turar joyga muhtoj talabalar mavjud bo‘lgan holda, oliy ta’lim muassasasining talabalar turar joylari maydonidan boshqa maqsadlarda foydalanish (ijaraga berish, boshqa kelishuvlar)ga ruxsat etilmaydi.Universitetning talabalari o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida o‘rnatilgan tartibda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
3.6. Universitetdan chetlashtirilgan talaba O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi va qoidalari asosida qayta o‘qishga tiklanilishi mumkin.Ilgari oliy ta’lim muassasasidan ma’muriyatning tashabbusi bilan chetlashtirilgan shaxslarni, barcha o‘quv shakllari bo‘yicha talabalar safiga qayta tiklash to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.Universitetning talabalari belgilangan tartib va qoidalar asosida o‘qishini ko‘chirish (o‘qishga qayta tiklash) huquqiga ega.O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’lim faoliyatini olib borish uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan nodavlat oliy ta’lim muassasalari va boshqa mamlakatlar oliy ta’lim muassasalarining filiallari (markazlar, bo‘limlar, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalar)dan talabalarni universitetga o‘qishini ko‘chirish (o‘qishga tiklash) taqiqlanadi.
3.7. Universitet talabalari oliy ta’limning davlat standartlari, o‘quv dasturlari va rejalarida nazarda tutilgan bilimlarni egallashlari, topshiriqlarning barcha turlarini belgilangan muddatda bajarishlari zarur hamda universitetning Ustaviga, Ichki tartib qoidalari, odob-ahloq qoidalari va Talabalar turar joylari qoidalariga rioya etishlari shart.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari, talabalarni o‘qish vaqti hisobidan ta’lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish ma’n etiladi.
3.8. Ushbu Ustav, universitetning Ichki tartib va odob-ahloq qoidalari hamda Talabalar turar joylari qoidalarida nazarda tutilgan majburiyatlarni buzgani taqdirda talabaga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari ko‘riladi: hayfsan hamda talabalar safidan chetlatish.

Talaba universitetdan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:
a) o‘z xohishiga binoan;
b) o‘qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
g) akademik o‘zlashtira olmaganligi (qarzdorligi) uchun;
d) o‘quv intizomini va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
ye) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
j) o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli;
z) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
i) vafot etganligi sababli.
Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida talabaga Vazirlik tomonidan tasdiqlangan tartib asosida akademik ta’til berilishi mumkin.
Universitet ma’muriyati tashabbusi bilan (“d”, “e”, “j”) talabalarni o‘qishdan chetlashtirish talabalar kasaba uyushmasining yozma roziligini inobatga olgan holda (kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan talabalar uchun) amalga oshiriladi. Shuningdek, talaba mazkur Ustavning 14-bandi “d” kichik bandiga ko‘ra chetlashtirilayotgan holda, universitetning "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti bilan ham kelishilishi mumkin.
Intizomiy jazoga tortilayotgan talaba o‘ziga qo‘llanilgan jazo chorasining qonuniyligi va adolatligi yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda universitet rektori, vazirlikga yoki sudga murojaat etishi mumkin.
Talaba universitetdan chetlashtirilganda, unga shaxsiy hujjatlari, belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma topshiriladi va ularning nusxasi shaxsiy yig‘majildda saqlanadi.
Intizomiy jazo choralar talabalarning kasallik yoki ta’tilda bo‘lgan vaqti hisobga olinmagan holda hatti - harakat aniqlangandan so‘ng bir oydan va hatti - harakat sodir etilganidan so‘ng olti oydan kechiktirilmay qo‘llaniladi. Talabalar kasallik paytida, akademik ta’til yoki homiladorlik va tug‘ish holati bilan bog‘liq bo‘lgan ta’til paytlarda talabalarga intizomiy jazo choralarini ko‘rish ma’n etiladi.
Talaba kasal bo‘lganligi o‘zi yoki uning ota-onasi tomonidan yozma ariza bilan bevosita dekanatga, odatda, bir haftadan kechiktirilmasdan ma’lum qilinadi.

b) Tinglovchilar:

3.10. Universitetda o‘rnatilgan tartibda malakasini oshirayotgan shaxslar tinglovchilar deb hisoblanadi.

v) Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar:
3.11. Universitetning katta ilmiy xodim-izlanuvchi va mustaqil izlanuvchilari sifati muayyan yo‘nalish bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tayyorlayotgan shaxslar hisoblanadi.
Oliy ma’lumotli mutaxassis yoki magistr diplomiga ega, kamida ikki yillik pedagogik stajga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasasining katta ilmiy xodim-izlanuvchilar oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun ilmiy tadqiqot ishini olib borayotgan shaxs katta ilmiy xodim-izlanuvchi hisoblanadi.
Asosiy ish joyidan ajralmagan holda oliy ta’lim muassasasiga (kafedraga) biriktirilgan va fan doktori ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tayyorlayotgan shaxs mustaqil izlanuvchi hisoblanadi.
3.12. Universitet katta ilmiy xodim-izlanuvchilar safiga oliy ma’lumotli mutaxassis diplomiga yoki magistr darajasiga ega bo‘lgan, ilmiy izlanish olib borish qobiliyatini namoyon eta olgan shaxslar uch yillik muddatga qabul qilinadilar.
Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar institutiga qabul qilish, tugatish, shuningdek, dissertatsiya ustida ishlayotganliklari uchun imtiyozlar berish, ularning huquq va majburiyatlarini belgilash kabi masalalar O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limga qo‘yiladigan davlat talablari va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim to‘g‘risida nizom bilan tartibga solinadi.
Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o‘qish ishlab chiqarishdan ajralgan holda amalga oshiriladi, ammo katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o‘qish davrida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish mumkin. Ishlab chiqarishdan ajralgan holda katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o‘qish uch yildan oshmasligi kerak. Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga kirishda oliy ma’lumotli mutaxassislik diplomi yoki magistrlik va bakalavrlik diplomlarini, shuningdek, mehnat daftarchasini ham taqdim etish lozim.
Universitet katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutiga doktorlik dissertatsiyasiga asos bo‘la oladigan salmoqli ilmiy yutuqlarga erishgan, fundamental tadqiqotlarni yuksak saviyada olib borish va muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan ilmiy muammolarni hal qilishga qobiliyatli, magistr akademik darajasi bilan kamida ikki yillik pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan yoki fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan iste’dodli ilmiy va ilmiy-pedagogik xodimlar qabul qilinadi.
Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutida o‘qish muddati ikki yildan uch yilgacha hisoblanadi.
Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash katta ilmiy xodim-izlanuvchilar institutidan tashqari, mustaqil izlanuvchilik shaklida ham amalga oshirilishi mumkin.
Fan doktori ilmiy darajasini olish uchun mustaqil izlanuvchilikka «bakalavr» yoki «magistr» darajasi bilan oliy ma’lumotga, 5 yildan kam bo‘lmagan amaliy ish stajiga ega bo‘lgan, ilmiy izlanishlarga layoqati mavjud, belgilangan talablarga mos keladigan ma’lum ilmiy yutuqlarga (ixtiro uchun patentlar, ilmiy maqolalar, ilmiy-texnologik ishlanmalarda qatnashish va boshqalar) ega bo‘lgan, doktorlik dissertatsiyasi ustida mustaqil izlanishlar olib borayotgan, fan va texnikaning dolzarb muammolari hamda nazariy masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlari yuzasidan salmoqli natijalarga erishgan, shuningdek, tegishli fan va texnika sohasida chuqur bilimlarga ega bo‘lgan shaxslar da’vogarlik qilishlari mumkin.
Katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va mustaqil izlanuvchilar institutiga qabul qilish, tugatish, shuningdek, dissertatsiya ustida ishlayotganliklari uchun imtiyozlar berish, ularning huquq va majburiyatlarini belgilash kabi masalalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-4456-sonli Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 dekabrdagi “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim hamda oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 365-sonli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
3.13. Universitetda pedagog xodimlar tarkibi, ilmiy xodimlar, muhandislik - texnika, ma’muriy - xo‘jalik, ishlab chiqarish, o‘quv - yordamchi va boshqa xizmatchilar lavozimlari mavjud.
3.14. Pedagog xodimlar lavozimlariga ishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 16 fevral 20-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy talim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 9 mart F-137-sonli farmoyishiga muvofiq oliy ta’lim muassasasining prorektorlari rektor tavsiyasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni bilan kelishilgan  holda  tayinlanadi. Fakultet dekani Vazirlik bilan kelishilgan holda ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida tayinlanadi.
3.15. Universitetning pedagog xodimlari va ilmiy xodimlari quyidagi huquqlarga ega:
- belgilangan tartibda oliy ta’lim muassasasi va fakultet Kengashlariga saylash va saylanish;
- oliy ta’lim muassasasining faoliyatiga taalluqli masalalarni muhokama qilishda ishtirok etish;
- oliy ta’lim muassasasining axborot-resurs markazi, o‘quv va ilmiy bo‘linmalarning xizmatlaridan, shuningdek, ijtimoiy-maishiy, tibbiy va boshqa bo‘limlar xizmatidan jamoa shartnomasiga muvofiq foydalanish;
- o‘qitishning uslub va vositalarini tanlash, o‘quv va ilmiy jarayonning yuqori sifatini ta’minlovchi ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
- oliy ta’lim muassasasi ma’muriyatining buyruq va farmoyishlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda murojaat  qilish;
- qonunchilikda belgilangan tartibda vakant pedagog xodim lavozimlariga e’lon qilingan tanlovlarda qatnashish;
- o‘zlari ishlayotgan kafedra, fakultetdan tashqari boshqa fakultet, kafedra, tashkilotlarda o‘rindoshlik asosida ishlash (asosiy ish joyi bilan kelishilgan holda);
- xorijiy hamkasblarning sohaga doir ilmiy va o‘quv-uslubiy  adabiyotlari bilan tanishish va ular bilan fikr almashish;
-  o‘z fani bo‘yicha sifatli darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar tayyorlash;
- nazariy bilimlarini amaliy tajribasini, ilmiy tadqiqot olib borish uslubini, pedagogik mahoratini takomillashtirib borish;
- talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;
- grantlar, ilmiy loyihalar, xo‘jalik shartnomalarida ishtirok etish;
- O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasiga oid qonunchiligida belgilangan boshqa huquqlardan foydalanish.
3.16. Universitetning pedagog xodimlari va ilmiy xodimlarining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
- ta’lim to‘g‘risidagi qonunchilik, mehnat va texnologiya intizomi, muassasa Ustavi, Ichki mehnat tartibi va odob-ahloq qoidalariga qat’iy rioya qilish; o‘zining xizmat vazifalarini vijdonan bajarish va xodimlik sha’niga dog‘ tushirmaslik;
- ish jarayonida muloqot qiladigan muassasa xodimlari, talabalari va boshqa shaxslar bilan xushfe’l munosabatda bo‘lish;
- ish beruvchining qonuniy farmoyishlarini bajarish, har yili tasdiqlanadigan shaxsiy ish rejasi asosida o‘quv-uslubiy, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, xususan:
a) o‘quv yuklamalari hajmini, o‘quv-uslubiy, ilmiy, o‘quv-tashkiliy ishlarni tasdiqlangan shaxsiy ish rejasi asosida bajarish va ma’naviy-ma’rifiy ishlarda ishtirok etish;
b) darslik, o‘quv qo‘llanma va boshqa o‘quv abadiyotlar, ilmiy maqolalar, monografiyalar yozish;
v) tarbiyaviy ishlarni olib borish, talabalar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarda, shu jumladan, darsdan tashqari vaqtlarda o‘tkaziladigan tadbirlarda bevosita ishtirok etish;
g) Kengash tomonidan tasdiqlangan kafedra ilmiy mavzularida ishtirok etish;
d) o‘z malakasini muntazam ravishda oshirish;
- akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun hamkorlikda yangi avlod o‘quv adabiyotlari, o‘quv-uslubiy majmualar yaratishda ishtirok etish;
- akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ochiq va muammoli mashg‘ulotlar hamda “master-klass”lar o‘tkazish;
- o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimi muassasalarida o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarida ishtirok etish;
- o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimi muassasalarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya hamda pedagogik texnologiyalar asosida ta’lim sifatini oshirishga ko‘maklashish;
- mehnatni muhofaza qilish, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish sanitariyasiga doir qoidalariga rioya qilish;
- muassasaning mol-mulkini avaylash, undan oqilona foydalanish;
- ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy moddiy zararni qoplash;
- muassasa jamoatchilik ishlarida qatnashish;
- pedagogik va ilmiy jarayonning samaradorligini ta’minlash;
- zamonaviy sivilizatsiya va demokratiya sharoitida ta’lim oluvchilarning tanlagan yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha yuksak kasbiy tayyorgarlikni, mehnatga bo‘lgan qobiliyatni shakllantirish;
- chet tillari va axborot texnologiyalaridan savodxonligini oshirib borish;
- ta’lim oluvchilarda mustaqil fikrlash, tashabbuskorlik, ijodiy qobiliyatni shakllantirish;
- o‘ziga biriktirilgan shogirdlar bilan ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish;
- o‘zining odobi, madaniyati, ma’naviy saviyasi bilan o‘rnak bo‘lish;
- kiyinish madaniyatiga rioya etish;
- respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar va jahonda ro‘y berayotgan yangiliklardan xabardor bo‘lish;
- muassasa, fakultet, kafedra tomonidan tashkil etiladigan madaniy, ma’naviy, ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish;
- o‘zi o‘qitadigan fan dasturini muntazam fan va texnika yutuqlari asosida boyitib borish;
- darslarni yuqori saviyada o‘tish;
- fan yo‘nalishiga tegishli yangi manbalarni topish va ular bilan talabalarni tanishtirib borish;
- har o‘quv yili boshlangunga qadar o‘zi o‘qitadigan fan(lar)ning ishchi o‘quv dasturi, kalendar rejasi va reyting nazoratlari jadvalini ishlab chiqish va kafedra majlisida tasdiqlash;
- reyting tadbirlarini o‘z vaqtida o‘tkazish;
- talabalar bilimini xolisona baholash;
- yangi pedagogik texnologiyalarni dars jarayonida qo‘llash;
- ilmiy salohiyat va pedagogik mahoratini oshirish;
- talabalar ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish;
- xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish hamda pullik ta’lim va servis xizmatlarini ko‘rsatish;
- oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashish;
3.17. Universitet xodimlarining chet el xizmat safarlari Vazirlik tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalaridan xorijiy safarlarga borish tartibi to‘g‘risida”gi muvaqqat Yo‘riqnoma asosida amalga oshiriladi.
3.18. Universitetda pedagog-xodimlarning uch yilda kamida bir marotaba malakasini oshirilishi ta’minlanadi.
3.19. Universitet xodimlarining huquq va majburiyatlari universitetning Ichki tartib va odob-ahloq qoidalari hamda lavozim yo‘riqnomalari bilan belgilanadi.

IV. O‘quv-tarbiyaviy va ilmiy-metodik ishlar

4.1. Universitet quyidagi yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha oliy ta’lim va oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limning asosiy ta’lim dasturlari, qo‘shimcha ta’lim (kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish)ning dasturlarini amalga oshiradi:a) ishlab chiqarishdan ajralgan holda (bakalavriat) o‘quv shakli kunduzgiFizikaTasviriy san’at va muhandislik grafikasiPedagogika va psixologiyaKasb ta’limi (informatika va axborot texnologiyalari)Musiqa ta’limiOna tili va adabiyoti (qirg‘iz tili va adabiyoti)Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limiBoshlang‘ich ta’lim va sport-tarbiyaviy ishJismoniy madaniyatMehnat ta’limiFilologiya va tillarni o‘qitish (o‘zbek tili)
Tarix (mamlakatlar va mintaqalar bo‘yicha)
Biologiya (turlari bo‘yicha)
Kimyo
Geografiya
Matematika
Ekologiya va atrof muxit muxofazasi (tarmoqlar bo‘yicha)
Informatika o‘qitish metodikasi
Maktabgacha ta’lim
Ona tili va adabiyoti (rus tili va adabiyoti o‘zga tilli guruxlarda)
Xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili)
Xorijiy til va adabiyoti (nemis tili)
Xorijiy til va adabiyoti (fransuz tili)
Mexnat iqtisodiyoti va sotsiologiyasi
Filologiya va tillarni o‘qitish (rus tili)
b) magistratura kunduzgi o‘quv shakli
Psixologiya
Jismoniy madaniyat
Adabiyotshunoslik (o‘zbek adabiyoti)
O‘zbek tili va adabiyoti
O‘zbekiston tarixi
Biologiya (fan yo‘nalishi bo‘yicha)
Ona tili va adabiyoti (rus tili)
Ma’naviyat asoslari
Matematika (yo‘nalishlar bo‘yicha)
Fizika (yo‘nalishlar bo‘yicha)
Kimyo (fan yo‘nalishi bo‘yicha)
Chet tili va adabiyoti (ingliz tili)
Universitetda kadrlar iste’molchilari talablari asosida Vazirlikning buyrug‘i bilan yangi yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlanishini tashkil etish mumkin.
4.2. Universitet ta’limning asosiy ta’lim dasturlarini ikki bosqichda amalga oshiradi: bakalavriat va magistratura.
Bakalavriat – ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, o‘qish muddati 4 yildan kam bo‘lmagan tayanch oliy ta’limdir.
Bakalavr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlari asosida ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha «bakalavr» darajasi beriladi hamda davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Magistratura – yo‘nalishning muayyan mutaxassisligi bo‘yicha fundamental va amaliy bilimlar beruvchi, bakalavriat negizida, o‘qish muddati 2 yildan kam bo‘lmagan oliy ta’limdir.
Magistr dasturini tugatgan bitiruvchilarga davlat attestatsiyasi yakunlari asosida tayyorlangan muayyan mutaxassislik bo‘yicha «magistr» darajasi beriladi va davlat namunasidagi diplom topshiriladi.
Bakalavr va magistrlik davlat namunasidagi diplom uning egalariga kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish yoki tanlangan ta’lim yo‘nalishiga va mutaxassisligiga muvofiq ta’lim muassasalarining navbatdagi bosqichlarida o‘qishni davom ettirish huquqini beradi.
Oliy ta’limning turli bosqichida asosiy ta’lim dasturlari bo‘yicha dastlabki ta’lim olish, ikkinchi oliy ta’lim olish sifatida qaralmaydi.
4.3. Universitetda ta’lim jarayonini tashkil etish, tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan ishlab chiqiladigan va o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va fanlarning dasturlari, universitet rektori tomonidan tasdiqlangan yillik o‘quv jarayoni jadvali hamda mashg‘ulotlar jadvali bilan tartibga solinadi.
Ta’lim jarayonini maqsadli yo‘naltirish yo‘li bilan tashkil etish, ya’ni ta’lim shakllari, uslub va vositalarni tanlash yo‘li bilan universitet talabalariga oliy ta’limning asosiy kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish uchun zaruriy sharoitlarini yaratib berilishi lozim.
Ta’lim-tarbiya jarayonining birligi oliy ta’limning davlat ta’lim standartlari bilan ta’minlanadi.
4.4. Universitetda o‘quv mashg‘ulotlarining quyidagi asosiy turlari belgilangan: ma’ruza, konsultatsiya, seminar, amaliy mashg‘ulot, laboratoriya ishi, yakka mashg‘ulot (amaliy ijrochilik bilan bog‘liq bo‘lgan san’at yo‘nalishlarida), nazorat ishi, kollokvium, mustaqil ish, amaliyot, kurs loyihasi (kurs ishi), bakalavrlik bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertatsiyasi.
Auditoriya mashg‘ulotlarining barcha turlari uchun 45 (yoki 40 minutlik tanaffussiz qo‘shma ma’ruza) daqiqalik akademik soat belgilangan. O‘quv mashg‘ulotlari orasidagi tanaffus kamida 10 daqiqa bo‘ladi.
Ta’lim va tarbiya olib boriladigan tillar: o‘zbek, rus va ingliz tillari hisoblanadi.
4.5. Universitetda kadrlar tayyorlash ishlab chiqarishdan ajralgan holda olib boriladi.
Oliy ta’limning asosiy kasbiy ta’lim dasturi doirasida ta’lim olishning barcha shakllari uchun o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va “Uzstandart” agentligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan davlat ta’lim standarti qo‘llaniladi.
4.6. Universitetda o‘quv yili ikki semestrga bo‘linadi va uning har birida talabalarning o‘zlashtirishi reyting nazorati shaklida olib boriladi.
O‘zlashtiruvchi talabalarni kursdan kursga o‘tkazish fakultet dekanining tavsiyasiga binoan rektor buyrug‘i bilan amalga oshiriladi. Talabalarni kursdan kursga shartli o‘tkazish mumkin emas.
Oliy ta’limning ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan va Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizom”ga muvofiq tartibga solinadi, “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risidagi nizom”ga asosan bitiruvchilarning yakuniy attestatsiyasi bilan tugallanadi.
4.7. Universitetda ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, ta’limni individuallashtirish va mustaqil ta’lim olish vositalarini, modul tizimi hamda masofaviy ta’lim berishni qo‘llash hisobiga mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishga yo‘naltirilgan ilmiy-uslubiy ishlar amalga oshiriladi.
2) Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim – jamiyatning oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga yo‘naltirilgan uzluksiz ta’lim turi.a) katta ilmiy xodimlar-izlanuvchilar instituti — ishlab chiqarishdan ajralgan holda mutaxassislikni chuqur o‘rganish va doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida ular tomonidan ilmiy izlanishlar olib borish bo‘yicha fan doktori darajasi izlanuvchilari uchun oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklar bo‘yicha oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim shakli;b) mustaqil izlanuvchilik — ishlab chiqarishdan ajralmagan holda holda doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mutaxassislikni chuqur o‘rganish va ular tomonidan ilmiy izlanishlar bo‘yicha fan doktori ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar bo‘yicha oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim shakli;katta ilmiy xodim-izlanuvchi — oliy ta’lim muassasasiga yoki ilmiy-tadqiqot muassasasiga katta ilmiy xodim-izlanuvchi lavozimiga belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs;mustaqil izlanuvchi — oliy ta’lim muassasasiga yoki ilmiy-tadqiqot muassasasiga mustaqil izlanuvchilikka belgilangan tartibda qabul qilingan shaxs.4.8. Universitetda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestatsiya Komissiyasi tomonidan tayyorlanadigan “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari ro‘yxati”ga muvofiq fan doktori ilmiy darajasi olish uchun katta ilmiy xodim-izlanuvchilar instituti va mustaqil izlanuvchilar instituti orqali oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash ko‘rinishida amalga oshiriladi. 
V. Oliy ta’lim muassasasining tarkibi

5.1. Universitetning tarkibiga quyidagilar kiradi:a) fakultetlar;
b) kafedralar;
v) boshqarmalar;
g) bo‘limlar;
d) ilmiy laboratoriyalar;
ye) markazlar
Universitet tarkibi (fakultetlar, kafedralar, ilmiy laboratoriyalar, bo‘limlar va markazlar nomlari) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda OTM Kengashi tomonidan tavsiya etilib, vazir buyrug‘i bilan tasdiqlanadi va ushbu ustavga ilova qilinadi.
ye) Universitet qoshida 5 ta akademik litsey va 40 biriktirilgan kasb-xunar kollejlari bilan faoliyat olib boradi.

 Universitet qoshidagi 3-sonli akademik litseyi 
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi, 2006 yil 19 oktabrdagi 216-sonli buyrug‘i asosida tashkil etilgan va Andijon davlat universiteti qoshidagi 3-sonli akademik litsey nomi berilgan.
 
Universitet qoshidagi 4-sonli akademik litseyi
2004 yil 30 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va O‘rta maxsus ta’lim vazirligining 289-sonli buyrug‘iga asosan Andijon davlat tillar pedagogika instituti qoshida tashkil etilgan. 2010 yil 30 avgustda O‘zbekiston Respublikasi  Vazirlar Mahkamasining 192-sonli qaroriga ko‘ra 2010 yil 5 sentabrdan akademik litsey “Andijon davlat universiteti qoshidagi 4-son akademik litsey” nomi bilan atala boshladi.
 
Universitet qoshidagi 5-sonli akademik litseyi 
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2010 yil 4 sentabrdagi 224-sonli «Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 30 avgust kungi Andijon davlat universiteti qoshidagi Akademik litsey tashkil etish to‘g‘risidagi 192-qarori»ga asosan Andijon davlat universiteti qoshidagi 5 sonli akademik litsey tashkil etildi.
 
Universitet qoshidagi Asaka akademik litseyi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 23 sentabrdagi «1999-2005 yillarda Akademik litseylar va kasb-xunar kollejlarining moddiy texnika bazasini rivojlantirish hamda mablag‘ bilan ta’minlash dasturi to‘g‘risida»gi 406-sonli qarori asosida Asaka shahridagi 4-kasb-hunar maktabi binosini rekonstruksiya qilish hisobiga Andijon davlat universiteti qoshida tashkil etilgan.
 
Universitet qoshidagi Andijon akademik litseyi
Akademik litsey O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligining 2004 yil 24 avgustdagi 178-sonli buyrug‘i asosida tashkil etilgan va unga Andijon davlat universiteti qoshidagi Andijon akademik litseyi nomi berildi.
 
VI. Universitetniboshqarish
 
6.1. Universitetni boshqarish O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi hamda ushbu Ustavga muvofiq yakka rahbarlik va oliy ta’lim muassasasining Kengashi, Vasiylar kengashi orqali jamoatchilik boshqaruvini uyg‘unlashtirish tamoyili asosida amalga oshiriladi.
6.2. Universitetni bevosita boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 9 martdagi 137-f farmoyishida belgilangan tartib asosida tayinlanadigan rektor tomonidan amalga oshiriladi.
6.3.Rektor oliy ta’lim muassasasi faoliyatiga, shuningdek, universitetning Ustavi, Ichki tartib va odob-ahloq qoidalari, Oliy ta’lim to‘g‘risidagi Nizom hamda mazkur Ustavda belgilangan majburiyatlar uchun to‘la mas’uldir.
6.4.Rektor O‘zbekiston Rsspublikasi qonunchiligiga muvofiq universitet nomidan ishonchnomasiz ish olib boradi, barcha idoralar, muassasalar, korxonalarda uning vakili sifatida qatnashadi, universitetning mol-mulkiga mas’ullik qiladi, shartnomalar tuzadi, ishonchnomalar beradi, bank muassasalarida oliy ta’lim muassasasi universitetning hisob raqamlarini ochadi, moliyaviy mablag‘lardan o‘rnatilgan tartibda foydalanish bo‘yicha farmoyishlar beradi.
6.5.Rektor universitetning vakolati doirasida:- universitetning barcha xodimlari, talabalari va boshqa ta’lim olayotganlar uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va topshiriqlar beradi;- Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda fakultet dekanlari va bosh buxgalteri lavozimiga tayinlaydi hamda lavozimidan ozod qiladi- universitet prorektorlari lavozimiga nomzodlarni tavsiya etadi va prorektorlar, dekanlarning muayyan vazifalari hamda mas’uliyatlarini belgilaydi;- universitet xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi mehnat qonunchiligi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ishga olish va bo‘shatishni amalga oshiradi;- universitet tarkibiga kirgan ilmiy tadqiqot, tajriba-eksperimental hamda boshqa tashkilot va bo‘linmalarning vazifalarini belgilaydi va ular to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;- universitet xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik ustamalar va qo‘shimchalarni belgilaydi;- kasaba uyushma qo‘mitasi yoki universitetning boshqa vakolatli organi bilan kelishgan holda Ichki tartib va odob-ahloq qoidalarini tasdiqlaydi;- universitetda Namunaviy shtat birliklariga muvofiq ajratilgan mablag‘lar hamda ish haqi fondi, tasdiqlangan oliy ta’lim muassasasi universitet xodimlarining soni va lavozim maoshlari, tarif setkasi doirasida universitet pedagog xodimlari tarkibi va universitet xodimlarining shtat birligini tasdiqlaydi hamda lavozim maoshlarini belgilaydi;- universitet Kengashining tavsiyasiga ko‘ra o‘rnatilgan tartibda tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq fakultetlarni, kafedralarni ochish yoki yopish qarorlarini tasdiqlaydi.
6.6. “Oliy ta’lim muassasasi kafedrasi to‘g‘risidagi nizom” talablaridan kelib chiqqan holda universitet Kengashining tavsiyasiga ko‘ra kafedralar tashkil etiladi yoki tugatiladi.
6.7. Universitet rektoriga o‘zi ishlayotgan oliy ta’lim muassasasi va undan tashqarida haq to‘lanadigan boshqa rahbarlik lavozimida (ilmiy va ilmiy-metodik rahbarlikdan tashqari) o‘rindoshlik bo‘yicha ishlashga ruxsat etilmaydi. Rektor o‘z vazifalarini o‘rindoshlik bo‘yicha bajarishi mumkin emas.
6.8. “Oliy ta’lim to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq universitet faoliyatining asosiy masalalarini ko‘rish uchun Kengash tashkil etiladi.
Kengash tarkibiga rektor kiradi va Kengash raisi hisoblanadi, prorektorlar, fakultetlar dekanlari hamda kafedralar mudirlari, bo‘lim boshliqlari, shuningdek, talabalar va universitet xodimlari, kasaba uyushmasi kengashi vakillari kiradi. Kengashning boshqa a’zolari umumiy majlisda (konferensiyada) yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylanadi. Pedagog xodimlar tarkibidan Kengashga saylanadiganlar soni rektor buyrug‘i bilan belgilanadi.
6.9. Kengashning vakolati, uni saylash va faoliyat yuritish tartibi, ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasasining Kengashi to‘g‘risidagi Nizom” bilan belgilanadi.
6.10. Universitetda Vasiylar kengashi oliy ta’lim muassasasi universitetni boshqaruvchi jamoatchilik organi tashkil etiladi va uning tarkibiga muassis-vazirliklar, mahalliy hokimiyat, ishbilarmon doiralar, jamoatchilik tashkilotlari, jamg‘arma va vasiylar, boshqa ta’lim muassassalarining vakillari kiradi.
Vasiylar kengashining tarkibi, vakolatlari, shakllantirish tarkibi va faoliyati “Vasiylar kengashi to‘g‘risidagi Nizom” bilan belgilanadi.
6.11. Universitetda kasaba uyushmalari va boshqa jamoatchilik tashkilotlari faoliyat ko‘rsatadi. Talabalar va xodimlar manfaatlarini himoyalashni (xodimlar va talbalarning vakillari sifatida  Universitetda saylangan organlari amalga oshiradi. Talabalar va xodimlarni vakolat organlarining huquqlari va ularga nisbatan oliy ta’lim muassasasi universitet ma’muriyatining majburiyatlari quyidagilardir:
 xodimlar vakillik organlarining huquqlariga rioya qilish, ularning faoliyatiga ko‘maklashish;
 xodimlarning manfaatlariga taalluqli qarorlar qabul qilishdan oldin ularning vakillik organlari bilan maslahatlashish, mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda ko‘rsatilgan hollarda esa ularning roziligini olish;
 xodimlar vakillik organlarining takliflarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va qabul qilingan qarorlar haqida ularga yozma ravishda asosli javob berish;
 xodimlarning vakillik organlari a’zolarini korxonaga, manfaatlari ifoda etilayotgan xodimlarning ish joylariga moneliksiz qo‘yish;
 xodimlarning vakillik organlariga mehnat, universitet faoliyati masalalariga va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir axborotni tekin berish;
 xodimlarning vakillik organlariga o‘z vazifalarini bajarishlari uchun zarur sharoit yaratib berish;
 xodimlarning vakillik organlariga nisbatan mehnat to‘g‘risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni bajarish.
6.12. Amaldagi nizomlarga muvofiq universitetda ilmiy va ixtiyoriy jamiyatlar, ilmiy-uslubiy, ilmiy-texnik kengashlar va komissiyalar, yosh olimlar kengashi va boshqalar tashkil etilishi mumkin.
6.13. Rektorat va Kengash o‘z faoliyatida universitet jamoatchilik tashkilotlarining tavsiyalarini ko‘rib chiqadi va o‘z faoliyatlarida ularni hisobga oladi.
6.14. Universitet fakultetini O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda rektor tomonidan tayinlanadigan dekan boshqaradi.
Fakultet dekani o‘z faoliyatida “Oliy ta’lim muassasasining fakulteti to‘g‘risidagi Nizom”ga amal qiladi.
6.15. “Oliy ta’lim muassasasining fakulteti to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq fakultetda Kengash tashkil etilishi mumkin.
Kengashning tarkibi, vakolatlari, shakllantirish va foaliyatining tartibi “Oliy ta’lim muassasasi fakultetining Kengashi to‘g‘risidagi nizom” bilan belgilanadi.
6.16. Kafedra faoliyatiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq tanlov asosida universitetning Kengashi tomonidan saylanadigan mudir rahbarlik qiladi.
Kafedra mudirining vakolatlari va kafedra faoliyatining tartibi “Oliy ta’lim muassasasining kafedrasi to‘g‘risidagi nizom” bilan belgilanadi.
 
VII. Moliya - xo‘jalik faoliyati va moddiy-texnik bazasi

7.1. Universitetga ushbu Ustavda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish maqsadida operativ boshqarish huquqi bilan davlat (ta’sischi) tomonidan binolar, inshootlar, mulkiy majmualar, universitetning pasportiga muvofiq asbob-uskunalar, shuningdek iste’mol, ijtimoiy, madaniy va boshqa maqsadlar uchun zarur bo‘lgan mulklar biriktirilgan.
7.2.Universitet faqat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan amalga oshiriladigan davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan ob’ektlar qatoriga kiritilgan. Universitetga ajratilgan yer uchastkalari universitetga muddatsiz tekin foydalanish uchun biriktirilgan.
7.3. Universitetga jismoniy va yuridik shaxslardan sovg‘a, hadya, homiylik yoki vasiyat bo‘yicha berilgan pul mablag‘lari, mol-mulk va boshqa mulkiy ob’ektlarga, universitet faoliyatining samarasi hisoblangan intellektual va ijodiy mahsulotlarga, shuningdek o‘z faoliyati orqali oladigan daromadlar va bu daromadlar hisobidan sotib olinadigan mulkiy ob’ektlarga egalik qilish huquqi berilgan.
7.4. Universitet mol-mulkni ijaraga oluvchi va mol-mulkni ijaraga beruvchi sifatida faoliyat ko‘rsatish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, ijara to‘g‘risidagi qonun va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan “Davlat mulkini ijaraga berish tartibi to‘g‘risida Nizom”ga muvofiq universitet o‘ziga biriktirilgan ijaraga berilishi qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan binolar, inshootlar va ularning qismlari, asbob-uskunalar, transport vositalari shaklidagi davlat mulki va boshqa mol-mulklarni Kengashning roziligi bilan tasarruf etish huquqisiz, belgilangan narxlar bo‘yicha ijaraga berishni amalga oshiradi.
7.5.Ijara haqi sifatida olingan mablag‘lar ta’lim jarayonini ta’minlash va uni rivojlantirish uchun foydalaniladi.
7.6. Universitetning ta’lim faoliyatini moliyaviy ta’minlash davlat grantlari asosida mutaxassislar tayerlash uchun ajratilgan byudjet mablag‘lari, davlat tomonidan belgilangan normativlardan kelib chiqqan holda qayta tayyorlash va xodimlarning malakasini oshirish hisobiga ajratilgan mablag‘lar, shuningdek byudjetdan tashqari mablag‘lar, jumladan talabalar va tinglovchilarni o‘qitish uchun belgilangan tartibda olingan to‘lov-shartnoma asosidagi mablag‘lar va tadbirkorlik tushumlari hisobidan amalga oshiriladi.
7.7. Universitetning asosiy faoliyatiga zarar yetmaydigan tartibda ta’lim hamda boshqa sohalarda pullik ta’lim va servis xizmatlarini amalga oshirishi, jumladan universitet qoshida yoshlarni kasb-hunar va ta’limga yo‘naltiruvchi, muddati 2 oydan 2 yilgacha bo‘lgan kurs hamda o‘quv markazlarini ochish mumkin. Universitet shug‘ullanadigan tadbirkorlik faoliyati uning ustavida belgilangan vazifalarga mos kelishi shart.
7.8. Universitet o‘z mulki bilan xo‘jalik jamiyatlari va shirkatlarning ustav jamg‘armasida qatnashish, pullik ta’lim xizmatlari, konsultatsiyalar va boshqa xizmatlar uchun narxlarni belgilash, soliq va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa majburiy to‘lovlardan so‘ng qolgan daromadni mustaqil tasarruf etish huquqiga ega.
7.9. Universitet pullik ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar hisobidagi ta’lim faoliyati doirasida va uning o‘rniga amalga oshirilishi mumkin emas.
7.10.Universitet O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga hamda mazkur ustavga zid bo‘lmagan shartnomalarni tuzish, majburiyatlar va boshqa shartlarni belgilash bo‘yicha masalalarni mustaqil hal qiladi.
7.11. Universitetda lavozim maoshlari “Oliy ta’lim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida Nizom” va mehnatga xaq to‘lashning yagona tarif setkasiga muvofiq belgilanadi. Universitet xodimiga lavozim maoshi (stavka) o‘z funksional vazifalarni hamda mehnat shartnomasida nazarda tutilgan ishlarni bajarganligi uchun to‘lanadi. Qo‘shimcha maosh, ustama va boshqa moddiy rag‘batlantirish tadbirlarining hajmini universitet mustaqil, moddiy rag‘batlantirish fondi doirasida qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va hajmda belgilaydi.
7.12. Belgilangan mehnat haqi maxsus ishchi guruh xulosasiga ko‘ra faqat uni oshirish maqsadida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.
7.13. Universitetda tashkil etilgan jamoat tashkilotlariga faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur bo‘lgan xonalarni ajratadi va ularni tozalashni tashkil etadi.
7.14. Universitetdagi tibbiy-sanitar muassasasiga, shuningdek, uning hududida joylashgan yoki universitetning balansida bo‘lgan hamda talaba, tinglovchi va xodimlarga xizmat ko‘rsatuvchi oshxona va boshqa umumiy ovqatlanish muassasalariga isitish, yoritish va suv ta’minoti bilan taminlangan xonalar ajratiladi.
7.15. Universitetning tegishli binolarini ta’mirlash, rekonstruksiya qilish yoki yangilarini qurish, ularning moliyaviy ta’minoti qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. 
VIII. Xalqaro hamkorlik

8.1. Universitet O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunining 33-moddasiga muvofiq ta’lim muammolari yuzasidan xalqaro hamkorlikda ishtirok etadilar, chet davlatlarning tegishli o‘quv yurtlari bilan bevosita aloqalar o‘rnatish, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ular bilan qo‘shma o‘quv yurtlari tashkil etish huquqiga ega.
8.2. Chet el fuqarolarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ta’lim muassasasi ilmiy-pedagogik xodimlarining O‘zbekiston Rsspublikasi hududidan tashqarida xodimlik va ilmiy-tadqiqotchilik ishlari davlatlararo organining xorijiy davlatlarning ta’limni boshqarish bo‘yicha tegishli organlari orasidagi shartnomalar, shuningdek universitetning qonunchilikka muvofiq chet el fuqarolari va xorijiy yuridik shaxslar bilan bevosita tuzgan shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
8.3. Universitet quyidagi huquqlarga ega:- xalqaro nodavlat tashkilotlarga kirish;- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari deb qaralishi mumkin bo‘lmagan, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikdagi faoliyat to‘g‘risida belgilangan tartib asosida shartnomalar tuzish;-xorijiy sheriklar ishtirokida oliy ta’lim muassasasi universitetning tarkibiy bo‘linmalari (markazlar, laboratoriyalar, texnik parklar va boshqa bo‘linmalar)ni qonunchilikda ko‘zda tutilgan tartibda tashkil etish.
8.4. Universitet O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq ushbu Ustavda nazarda tutilgan va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturida belgilangan vazifalarni bajarishga, shuningdek, xalqaro aloqalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.
8.5. Universitetning tashqi iqtisodiy faoliyatidan tushgan valyuta, moddiy tushumlari qonunchilikka binoan uning ustavida belgilangan faoliyatini ta’minlash uchun ishlatiladi. 
IX. Yakuniy qoidalar

9.1. Universitet O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda quyidagilarga javob beradi:- uning vakolatiga kiritilgan vazifalarni bajarmaganligi;-ta’lim jarayonida o‘quv reja va jadvallarga muvofiq ta’lim dasturlari hajmini to‘liq bajarmaganligi;-ta’lim jarayoni vaqtida universitetda ta’lim oluvchilar va xodimlarining hayoti va sog‘lig‘i;-ta’lim oluvchilar va universitet xodimlarining huquq va erkinliklarning buzilganligi;-O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hatti-harakatlar.
9.2. Universitet O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida qayta tashkil qilinishi yoki tugatilishi mumkin.
9.3. Ushbu Ustav universitet Ilmiy kengashi tomonidan ma’qullangan.
9.4. Universitetning Ustavini bekor qilish, qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish vazirlikning buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

XALQARO LOYIHALAR

RESURSLARIMIZ

MANZILIMIZ
170100, O'zbekiston Respublikasi, Andijon shahar,
Universitet ko'chasi 129-uy
E-pochta: agsu_info@edu.uz
Telefon/faks: 0 (374) 223 88 30
Ishonch telefon: 0 (374) 223 88 14
Transport: 75-yo'nalishdagi taksilar

BIZ IJTIMOIY TARMOQLARDA

© Andijon davlat universiteti, 2017. Barcha huquqlar himoyalangan.